O'zbekiston futzal termasi Sanae Giti Pasandga qarshi birinchi o'yinda mag'lub bo'ldi

Narzulla Saydullayev
29 okt 2013, 12:01
Futzal bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi 28 oktyabr, dushanba kuni Eronning Sanae Giti Pasand klubiga qarshi nazorat uchrashuvi o'tkazdi.

Amaldagi Eron chempioni, Osiyoning eng kuchli futzal klublaridan biri hisoblangan Sanae Giti Pasand jamoasi 25 oktyabr kuni Toshkentga tashrif buyurgan edi. Eronliklar tashrif doirasidagi dastlabki o'rtoqlik uchrashuvini 26 oktyabr kuni Toshkentning Bunyodkor klubi futzalchilariga qarshi o'tkazib, yirik – 11:1 hisobida g'alaba qozondi.

Qayd etish joiz, bu Sanae Giti Pasandning o'zbek jamoalariga qarshi ilk bor maydonga tushishi emasdi. Bungacha klublar o'rtasidagi 2012 va 2013 yilgi Osiyo chempionatlarida Isfahon futzal klubi Ardusga qarshi bahs olib borgandi. Dastlab, Kuvaytda o'tgan Osiyo chempionati finalida Sanae Giti Pasand jamoasi Ardusni mag'lub etib, Osiyo chempioniga aylangan bo'lsa, 2013 yil Yaponiyada tashkil etilgan chempionat guruh bosqichida Ardus 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi.

Tarkibida Eron futzal terma jamoasining bir qator yetakchi futbolchilari jam bo'lgan Sanae Giti Pasand jamoasi dushanba kuni tarkibi nisbatan yoshargan, bir qator yetakchi futbolchilarisiz to'p surgan O'zbekiston futzal terma jamoasiga qarshi to'p surdi. Takidlash joiz, O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov ushbu bahsga O'zbekiston chempionatida to'p surayotgan bir qator yosh futzalchilarni jalb etgan edi. Ardusdan taklif etilgan Davron Abdurahmonov, Eldor Hoshimov, Paxtakor vakillari Zuhriddin Ziyomuhamedov, Alan Aminov va Aleksandr Kartauzov shular jumlasidandir.

Qiziqarli kurashlar ostida kechgan bahs 3:2 hisobida Sanae Giti Pasand jamoasi g'alabasi bilan yakuniga etdi. Lokomotiv to'purari Davron Choriev va Maksam-Chirchiq vakili Javlon Anorovning bittadan gollariga eronliklar Ahmad Ismoilpurning dubli va Afshin Kozimiyning bir goli bilan javob berishdi.

O'zbekiston futzal terma jamoasi va Sanae Giti Pasand klubi o'rtasidagi ikkinchi nazorat uchrashuvi 29 oktyabr, seshanba kuni o'tkazilishi rejalashtirilgan. Toshkentdagi O'zbekiston sport majmuasida o'tkaziladigan o'yin 15:00da boshlanadi.

Nazorat uchrashuvi
28 oktyabr, dushanba
O'zbekiston futzal termasi – Sanae Giti Pasand (Eron) 2:3 (2:2)
Bosh hakam: Viloyat Najafaliev.
Gollar: Davron Choriev, Javlon Anorov – Ahmad Ismoilpur (2ta), Afshin Kozimiy.
O'ZBEKISTON:
Darvozabonlar: Klim Tyugaev (Maksam-Chirchiq), To'ychi Berdiev (Kogon).
O'yinchilar: A'zam Saidahmatov (Ardus), Davron Abdurahmonov (Ardus), Zuhriddin Ziyomuhamedov (Paxtakor), Maqsud Fayzullaev (Maksam-Chirchiq), Alan Aminov (Paxtakor), Andrey Shlyoma (Lokomotiv), Artur Yunusov (Lokomotiv), Eldor Hoshimov (Ardus), Dilshod Rahmatov (Kogon), Davron Choriev (Lokomotiv), Shahzod Bo'riev (Ardus), Aleksandr Kartauzov (Paxtakor), Zarif Begulov (Ardus), Javlon Anorov (Maksam-Chirchiq).

SANAE GITI PASAND:
Darvozabonlar: Sepahr Muhammadiy, Mahdi Badiyosanoiy.
O'yinchilar: Muhammad Keshavarz, Afshin Kozimiy, Muhammad Tohiriy, Ahmad Ismoilpur, Majid Tikdarinajod, Sajad Bandi Sadiy, Mahdi Javid, Said Toqizoda.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ufa.uz