O'zbekiston futbol associaciyasi va futzal federatsiyasi rahbariyati Osiyo Kubogi oldidan terma jamoa a'zolari bilan uchrashdi

Omonjon To`xtamirzayev
30 apr 2025
Bugun, 30 aprel kuni O'zbekiston futzal federatsiyasi Prezidenti Bekzod Mamatqulov, O'zbekiston futbol associaciyasi Prezidenti maslahatchilari Baxtiyor Abdullaev hamda Avaz Azizxo'jaev Xitoyda bo'lib o'tadigan Osiyo kubogi final bosqichi safariga otlangan terma jamoamiz a'zolari bilan uchrashdi.

Tadbir avvalida O'zbekiston futzal federatsiyasi Prezidenti yurtboshimiz tomonidan sportga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidlab o'tdi. Hamyurtlarimiz futbolni, xususan futzalni yaxshi ko'rishi va sportdagi yutuqlarimiz ularning kayfiyatiga bevosita ijobiy ta’sir qilishini qayd etdi. Xususan, xalqimiz futzal bo'yicha ayollar terma jamoasidan ham yuqori natijalar kutayotganini alohida ta'kidladi.

Bekzod Mamatqulov (O'zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti): "Biz murosasiz raqobatga otlanayapmiz. Osiyo kubogi musobaqasida qitamizning eng kuchli jamoalari ishtirok etadi. Qatnashchilar orasida futzali, ayniqsa ayollar futzali jadal rivojlangan mamlakatlar bor. Ammo bizda ijobiy natija ko'rsatish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Xalqimiz sizlarga ishonadi. Asosiysi, Vatanimiz bayrog'ini bir tanu-bir jon bo'lib himoya qilishimiz zarur".


Baxtiyor Abdullaev (O'zbekiston futbol associaciyasi prezidenti maslahatchisi): "Chindan ham sport butun xalqimizning kayfiyatiga ta’sir ko'rsatadi. Ishonamizki, kelajakda bizning jamoalarimiz jahon chempionatining muntazam ishtirokchisiga aylanadi. Sizlar esa mana shu yo'lda tamal toshini qo'yib berasizlar. Sizlarga aniq bir bosqichga yetib borish, ma'lum vazifa qo'yib, bosimni orttirmoqchi emasmiz. Ishonamizki, sizlar Vatan uchun bor kuchingizni sarflaysiz. Kimga qarshi maydonga tushishingizdan qati nazar boshingizni baland ko'tarib kurashga kirishing!".

Avaz Azizxo'jaev (O'zbekiston futbol associaciyasi prezidenti maslahatchisi): "Men ayollar futzal jamoamiz ko'p narsaga erishishi mumkinligini ancha oldin bilgandim. Yodingizdami, biz Sizlar bilan Osiyo Kubogi saralash bahslaridan avval ko'rishgandik. Sizlar chindan ko'p narsaga qodirsiz! Muhimi, o'z kuchingizga ishoning, bir jamoa bo'lib, bir-biringizni qo'llab-quvvatlang! Elkama-elka turib, harakat qiling, eng qiyin damlarda ham ruhan kuchli bo'ling!".

Farrux Zakirov (O'zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi): "Haqiqatdan hech bir soha mamlakatni sport kabi tezda dunyoga tanita olmaydi. O'zim guvohi bo'ldimki, futbol bo'yicha O'zbekiston U-17 terma jamoasi g'alabasidan so'ng, yigitlarimizning salohiyatiga, qobiliyatiga butun dunyo tan berdi. Ayni paytda jahonning ko'plab taniqli futbol mutaxassislari o'zbekning qorako'z o'g'lonlariga ko'z tikib o'tirishibdi”.


Zumratjon Nazarova (O'zbekiston ayollar terma jamoasi a'zosi): "Musobaqaga yaxshi tayyorgarlik ko'rdik. Jamoadagilarning kayfiyati ajoyib va barchamiz bir maqsad yo'lida birlashib, hamyurtlarimizni xursand qilishga astoydil harakat qilamiz hamda yurtimizga yorug' yuz bilan qaytamiz".

Tadbir so'ngida mutasaddilar terma jamoamiz a'zolariga yana bir bor omad yor bo'lishini tilab, ularga oq fotiha berishdi.

Ishonamizki, bugun Osiyo kubogining final bosqichiga yo'l olgan qizlarimiz ham Xitoyda nimalarga qodir ekanliklarini amalda isbotlab qaytishadi.




Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: https://t.me/Futsal_Uzbekistan