O'FFda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar futbol federatsiyalari vice-prezidentlari ishtirokida majlis bo'lib o'tdi

Narzulla Saydullayev
28 noya 2017
O'zbekiston Futbol Federatsiyasining majlislar zalida federatsiya va PFL rahbariyati hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar futbol federatsiyalari vice-prezidentlari, klub rahbarlari ishtirokida majlis bo'lib o'tdi.

Kun tartibidagi masalalar qatoridan 2018 yil Superliga va Pro-ligada ishtirok etadigan klublar oldiga qo'yiladigan talablarning qay tarzda bajarilayotgani, kelasi mavsumdan boshlab Superliga va Pro-liga klublarida ishtirok etadigan futbolchilarning jismoniy holati nazorat qilib borilishi, klublarda faoliyat yuritayotgan murabbiylarning attestaciyadan o'tkazish jarayoni, hakamlarni tayyorlash masalalari o'rin oldi.

Yig'ilishda so'zga chiqqan O'zbekiston Futbol Federatsiyasi vice-prezidenti Shoakrom Isroilov milliy chempionatni kuchaytirish va o'zbek futboli saviyasini yanada oshirish maqsadida Superligada ishtirok etadigan klublar oldiga qo'yilgan talablarni har bir klub belgilangan muddatda bajarishi zarurligini yana bir bor eslatib o'tib, talablarni bajarmagan jamoalar musobaqa jadvalida egallagan o'rnidan qatiy nazar kelasi mavsumda Superligada ishtirok etishga yo'l qo'yilmasligi borasida ogohlantirdi.

Shuningdek, viloyat futbol federatsiyalari tomonidan joylarda futbol infratuzilmalarini yaxshilash, klub akademiyalari, bazalari, futbol maktablarida zarur shart-sharoitlarni yaratish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo'yicha hisobotlar tinglandi. O'z o'rnida yig'ilishda so'zga chiqqan viloyat futbol federatsiyalari mas'ullari Professional Futbol Ligasi tomonidan klublar oldiga qo'yilgan talablarni bajarish bo'yicha joylarda kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, bu borada ish olib borilayotgani, belgilangan muddatgacha barcha talablar bajarilishini ta'kidlab o'tishdi.

Talablarni bajarmagan jamoalar musobaqa jadvalida egallagan o'rnidan qatiy nazar kelasi mavsumda Superligada ishtirok etishga yo'l qo'yilmasligi borasida ogohlantirdi.


Majlis so'ngida yig'ilganlarga O'zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar futbol federatsiyalarining umumiy ahvolini o'rganish bo'yicha federatsiya xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruh tuzilib, joylarga yo'l olayotgani aytilib, ushbu ishchi guruhning hisobotlari asosida tegishli xulosalar chiqarilishi yana bir bor eslatildi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com