

Federatsiya rahbari professional klublar bilan shartnomaga ega bo'lgan, ayniqsa, milliy terma jamoaga nomzod futzalchilarning o'z jamoasidan tashqari turli tijorat musobaqalarida boshqa nom ostida ishtirok etayotganini keskin qoraladi. B. Mamatqulov bu borada tegishli choralar ko'rilishini ta'kidlab, tartib va intizom o'rnatilmas ekan, kutilgan natijalarga erishib bo'lmasligini ma'lum qildi.
Xabarda qayd etilishicha, federatsiya rahbariyati klublardagi mavjud holatdan, jumladan, maoshlar va mukofot pullarining kechikishi bilan bog'liq vaziyatdan to'liq xabardor. Yuqori tizimdagi islohotlar sababli yuzaga kelayotgan bunday kechikishlar tez orada to'liq bartaraf etilishi va barcha to'lovlar oxirigacha to'lab berilishi kafolatlangan. Shuningdek, yangi mavsumdan e'tiboran yangi tizim joriy etilishi ustida qizg'in ish olib borilayotgani bildirildi.
Bekzod Mamatqulov ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar tomonidan bildirilayotgan o'rinli fikr-mulohazalar va takliflar doimo qabul qilinishini ta'kidladi. Biroq so'nggi paytlarda yashirin akkauntlar orqali tarqatilayotgan, soha rivoji yo'lida mehnat qilayotgan mutaxassislar kayfiyatiga salbiy ta’sir ko'rsatuvchi asossiz negativ xabarlar ko'payib borayotgani afsus bilan qayd etildi.
O'zbekiston milliy terma jamoasining Osiyoda yetakchi bo'lishi va qita kubogida zafar quchishi federatsiyaning bosh maqsadlaridan biri etib belgilangan. Ushbu yo'nalishda jahonga mashhur mutaxassis Xose Mariya Mendesning bosh murabbiy etib tayinlangani va u bilan ikki yillik shartnoma imzolangani yuksak maqsadlar sari tashlangan muhim qadam sifatida baholandi.
Barcha mavjud muammolar va futzalimiz oldida turgan dolzarb masalalarni muhokama qilish maqsadida, kelayotgan dushanba kuni O'zbekiston futzal federatsiyasining kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tishi ma'lum qilindi. Federatsiya barcha mutasaddilar va muxlislarni hamjihatlikka hamda futzal rivoji yo'lida birlashishga chaqirdi.



