O'FAda klublar vakillari va komissarlarning qo'shma yig'ilishi bo'lib o'tdi

Tolibjon Qosimov
21 iyul 2018
O'zbekiston Superligasi hamda Pro-ligasi doirasidagi uchrashuvlarning yuqori darajada tashkil etilishini taminlash maqsadida bugun O'zbekiston futbol associaciyasi majlislar zalida klublar vakillari hamda PFL tomonidan o'yinlarga komissar sifatida tayinlanadigan mas'ullarning qo'shma yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda O'zPFL bosh direktori maslahatchisi Diyor Imomxo'jaev, O'FA Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig'i Mamur Saidqosimov hamda O'zPFL sport bo'limi boshlig'i Bahodir Mirzaev Superliga hamda Pro-liga doirasidagi o'yinlarning tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o'tkazilishi uchun zarur talablar haqida ma'lumot berib, o'z navbatida ayrim uchrashuvlar davomida yuzaga kelgan bir qator kamchiliklarni qanday bartaraf etish mumkinligi xususida so'z yuritishdi. Qolaversa, klublar vakillari o'yinning tashkiliy masalalari bo'yicha o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Xususan, uchrashuvning yuqori saviyada o'tishi uchun mas'ul deya tayinlanadigan komissarlarning vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar muhokama qilindi. Klublar vakillari hamda komissarlarning uchrashuv vaqtida o'zaro hamjihatlikda ish olib borib, Superliga hamda Pro-liga doirasidagi o'yinlarning talab darajasida o'tkazilishini taminlashlari zarurligi etirof etildi.

Bir qator klublar vakillari komissarlar ishini yanada yaxshiroq yo'lga qo'yish va o'yin atrofidagi tashkiliy masalalarni yanada yaxshilash bo'yicha o'z takliflarini bildirishdi. Yig'ilish yakunida O'zPFL va klublar mavsumning qolgan ikkinchi qismini ham munosib o'tkazib, o'yin va uning atrofidagi tadbirlarni o'zaro hamkorlikda yuqori saviyada tashkil etish bo'yicha kelishib olishdi.


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: pfl.uz