

Futzalchilarimiz ertaga Toshkentdagi mashg'ulotlarni yakunlab, Madrid va Portu shaharlarida o'tadigan xorijiy yig'inga jo'nab ketadi.
Yig'inlar davomida vakillarimiz Ispaniya, Portugaliya, Argentina kabi dunyoning yetakchi terma jamoalari bilan o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazadi. Shundan so'ng jahon chempionatida qatnashish uchun Litva poytaxti Vilnyus shahriga yetib boradi.
Bugun O'FA rahbariyati mundial safari oldidan O'zbekiston futzal terma jamoasi murabbiylar shtabi va futzalchilar bilan uchrashdi. Tadbirda O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov, O'FA Ijroiya qo'mitasi a'zosi Jahongir Usmonov, Faxriylar kengashi raisi To'lagan Isoqov ishtirok etishdi.





Uchrashuv avvalida Ravshan Ermatov O'FA prezidenti Abdusalom Azizov va futbol jamoatchiligi nomidan futzal terma jamoamizga mas'uliyatli musobaqada omad va muvaffaqiyatlar tiladi. Litvada bo'lib o'tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonida tinimsiz qilingan mehnatlar o'z natijasini ko'ratishiga va delegaciyamiz yurtimizga yorug' yuz bilan qaytib kelishiga ishonch bildirdi.
O'z navbatida, bosh murabbiy Bahodir Ahmedov so'zga chiqib, mundial tayyorgarligi yo'lida bir qator yetakchi terma jamoalar bilan o'rtoqlik uchrashuvlari va xorijiy mamlakatlarda o'quv-mashg'ulot yig'inlarini tashkil etib bergan O'FA rahbariyati va mas'ul mutaxassislarga jamoa nomidan minnatdorchilik izhor etdi.



