O'FA Ijroiya qo'mitasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi

Aziz Tukhtamuradov
30 noya 2020
Joriy yilning 28 noyabr kuni O'zbekiston futbol associaciyasi Ijroiya qo'mitasining keyingi davrning dolzarb vazifalariga bag'ishlangan yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Unda O'zbekiston futbol associaciyasi Prezidenti Abdusalom Azizov, O'FA Ijroiya qo'mitasi a'zolari va futbol mutaxassislari ishtirok etdi.

O'zbekiston futbol associaciyasining 2020 yilgi navbatdagi hisobot Kongressini o'tkazish masalasi ko'rib chiqildi. Unga ko'ra mazkur hisobot Kongressi 2020 yil 19 dekabr kuni “Zarafshon” kinokoncert zalida bo'lib o'tishi rejalashtirildi. Shuningdek Hakamlik-inspektorlik qo'mitasining yangi tarkibi hamda hududiy futbol associaciyalari 2021 yil uchun mo'ljallangan namunaviy tuzilmasi va xarajatlar smetasi muhokama etildi va tasdiqlandi.

O'zbekiston Superliga jamoalari uchun futbolchilarning jismoniy holatini tekshirish, kuzatib borish kabi kerakli ma'lumotlarni taqdim etadigan Janubiy Koreya kompaniyasi tomonidan taklif etilgan “Fitogether” zamonaviy texnologik qurilmasini amaliyotga tadbiq etish masalasi ko'rib chiqildi.

Yig'ilish davomida O'FA Texnik direktori lavozimi vaqtincha vakant bo'lganligi sababli ushbu lavozimga mahalliy mutaxassis Sergey Arslanov tayinlandi. UEFA Assist loyihasi doirasida xorijiy mutaxassis yordamida uning doimiy ravishda malaka oshirishini tashkil etish belgilandi.

Bundan tashqari O'zbekiston terma jamoalari bosh murabbiylarining terma jamoadan tashqari futbol klublarida ishlash masalasi kun tartibidan o'rin oldi. O'FA Ijroiya qo'mitasi a'zolarining muhokamalaridan so'ng O'zbekiston Milliy hamda U22 va U19 terma jamoalarining bosh murabbiylariga keyingi mavsumdan faqatgina terma jamoalarda faoliyat olib borishi belgilandi.

Kun tartibidagi boshqa masalalar ham qo'mita a'zolari tomonidan tegishli tartibda ko'rib chiqildi va istiqboldagi vazifalarni samarali tarzda amalga oshirish bo'yicha takliflar berildi.



Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: ufa.uz