

Unda O'zbekiston futbol associaciyasining futbol faoliyatini nazorat qilish bo'yicha maxsus inspekciyasi tomonidan taqdim etilgan O'zFHM hakamlari Xusan Muzaffarov, Obid Jumaev va Jasur Rustamov hamda Qo'qon-1912 futbol klubi sport direktori Shuhrat Mo'minovning kelishilgan o'yinlarda ishtirok etganligi to'g'risidagi ish ko'rib chiqildi.
Qo'mita tomonidan kun tartibidagi masalani o'rganish davomida aniqlanishicha, 2023 yil 22 mart kuni Proliga doirasida bo'lib o'tgan Qo'qon-1912 – Mashal futbol klublari o'rtasidagi uchrashuvdan oldin Qo'qon-1912 futbol klubi vakili Shuhrat Mo'minov O'zbekiston futbol hakamlari markazi hakami Xusan Muzaffarovga Qo'qon-1912 futbol klubi foydasiga hakamlik qilishini so'rab murojaat qilgan hamda evaziga pul mablag'i taklif qilgan. Uchrashuv bosh hakami Xusan Muzaffarov ushbu taklifga rozi bo'lgan va o'yin Qo'qon-1912 futbol klubi foydasiga yakunlangan.
Shuningdek, 2023 yil 18 iyun sanasida Proliga doirasida bo'lib o'tgan Orol – Qo'qon-1912 futbol klublari o'rtasidagi uchrashuv oldidan Qo'qon-1912 klubi vakili Shuhrat Mo'minov o'yin hakamlari Xusan Muzaffarov, Obid Jumaev va Jasur Rustamovlarga uchrashuvni Qo'qon-1912 klubi foydasiga hal bo'lishi uchun moddiy manfaat taklif etgan. Uchrashuv bosh hakami Xusan Muzaffarov mazkur taklifga rozi bo'lgan hamda pul mablag'larini yordamchi hakamlar Obid Jumaev va Jasur Rustamovlar bilan o'zaro bo'lib olganlar.
O'zbekiston futbol associaciyasi Etika qo'mitasi mazkur holatlar yuzasidan O'zbekiston futbol hakamlari markazi hakamlari Xusan Muzaffarov, Obid Jumaev va Jasur Rustamovni O'FA Intizom kodeksining tegishli bandlarini buzgan deb topdi. Ularga nisbatan futbol bilan bog'liq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish hamda jarima intizomiy jazo choralari qo'llanildi.
Shuningdek, Qo'qon-1912 futbol klubi sport direktori Shuhrat Mo'minov O'FA Intizom kodeksining tegishli bandlariga asosan aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bog'liq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish jazosi tayinlandi.
O'zbekiston futbol associaciyasi kelishilgan o'yinlarni aniqlash bo'yicha FIFA, OFK, Sportradar va boshqa tegishli tashkilotlar bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelayotganligini ma'lum qiladi. O'z navbatida, kelgusida aniqlanadigan holatlar yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qatiy choralar ko'rilishi to'g'risida ogohlantiradi.



