OCHL. Yarim final. Ko'zguda – “Istiqlol” (Eron)

Narzulla Saydullayev
25 sen 2013
Bugun Osiyo chempionlar ligasining yarim final dastlabki bahslari bo'lib o'tadi. Eronning “Istiqlol” jamoasi safarda Janubiy Koreyaning “Seul” klubiga qarshi bahs olib boradi. O'yin 15:30da boshlanadi.
Ma'lumki, “Istiqlol” OCHLning chorak finalida Tailandning “Buriram Yunayted” klubini musobaqadan chiqarib yubordi. Endi esa forslarni yanada jiddiy raqib kutib turibdi. Tehronliklar final yo'llanmasi uchun “Seul” bilan ikkita bahs o'tkazishadi.

“Yarim final ikkita uchrashuvdan iborat, shunday ekan, biz ikki xil reja tuzamiz, - deydi “Istiqlol” bosh murabbiyi Amir Galenoi. – Safarda boshqa, uyda boshqacha futbol namoyish etmoqchimiz. Birinchi o'yinda ko'zlangan maqsad – nima qilib bo'lsa-da, to'p kiritish. Albatta, Seulda buni uddalash oson bo'lmaydi, lekin shogirdlarim harakat qilishi bor gap”.

“Seul” menda iliq taassurot qoldirdi. Ular – har tomonlama shakllangan jamoa, ularning himoyasi metin, hujumi esa xavfli. Qolaversa, barcha Koreya klublari kabi “Seul”da ham tartib-intizom kuchli”.

49 yoshli murabbiyning fikricha, Xa Day Sung, Deyan Damiyanovich va Maurisio Molina “Seul”ning asosiy futbolchilari hisoblanadi. Bu haqda murabbiy shunday deydi: “Chernogoriyalik Damiyanovich musobaqaning chorak finalida “Al Ahli” darvozasiga ikkita gol urdi. Uning kuchli o'yinchi ekanligi ko'rinib turibdi. Ammo biz ham o'ziga yarasha reja tuzib qo'yganmiz. Maqsadimiz “Seul”ni birinchi o'yindayoq qurolsizlantirish hisoblanadi”.


Xayrulla Xoliqov tayyorladi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia