

Qarshi shahridagi "Nasaf" o'yingohida Qashqadaryo viloyati futbol federatsiyasi ikkinchi liga jamoalari kubok bahsi final uchrashuvi bo'lib o'tdi. Qizg'in kurashlarga boy bo'lgan uchrashuvda nishonliklar g'alaba qozonishdi.
"Nuriston"ning 17-raqamdagi futbolchisi Javlon Ramazonov tomonidan kiritilgan yagona gol uchrashuv taqdirini hal qildi.
Finalda munosib ishtirok etgan "Neftchi" jamoasi nimchorak finalda "Nasaf" yoshlarini, chorak finalda "Chiroqchi" jamoasini mag'lubiyatga uchratishib, yarim finalda "Sho'rtan" yoshlarini taslim etishgan edi. Afsuski, keskin vaziyatlarga boy bo'lgan final uchrashuvida kitobliklardan omad yuz o'girdi.
"Nuriston" ham finalgacha qiyin uchrashuvlarni o'tkazdi. Dastlab, nimchorak finalda "Yoshlik" jamoasi taslim etildi, chorak finaldagi qiyin kechgan bahslarda ikki o'yin natijasiga ko'ra "Mashal"dan ham o'tildi. Yarim finalda Shahrisabzliklarni ham musobaqadan chiqarib yuborgan "Nuriston" yakunda "Neftchi"dan ustunligini isbotlab Viloyat kubogini qo'lga kiritdi.
Uchrashuvni "Nasaf" PFK bosh menejeri Shamil Yarulin, "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev, "Nuriston" jamoasi prezidenti Abdusami Normo'minov, shuningdek "Neftchi" jamoasi prezidenti bevosita stadiondan kuzatishdi.
"Nuriston" jamoasiga kubokni Qashqadaryo viloyati futbol federatsiyasi birinchi vice prezidenti Norqul Daminov topshirdi.
6 oktyabr Qashqadaryo kubogi
"Nuriston"-"Neftchi" 1:0
Gol: Javlon Ramazonov
"Nuriston": 12.Akmal Hazratqulov 4.Abbos Qurbonov 19.Dadajon Mamatqulov 5.Abror Amirqulov 7.Farhod Jumaev 17.Javlon Ramazonov 6.Ulug'bek Madjitov 8.Alisher Ibragimov 10.Azamat Sayfullaev 11.Feruz Fahriddinov 9.Bahtiyor Holmurodov



