Nemischa tartib! Tish pastasi uchun supermarketga borgan bosh murabbiy ertangi o'yinda qatnashmaydi

Mirjalol Normatov
15 may 2020
"Augsburg" bosh murabbiyi Xayko Xerrlix ertaga Germaniya chempionati doirasida "Volfsburg"ga qarshi o'tadigan uchrashuvni o'tkazib yuboradi.

Gap shundaki, mutaxassis karantin qoidalarini buzdi va jamoa futbolchilari joylashgan mehmonxonani tark etib, tish pastasi sotib olish uchun supermarketga bordi.

"Xatoga yo'l qo'ydim. Tish pastam qolmagandi, shu boisdan uni sotib olish uchun supermarketga borgandim", - dedi Xerrlix.

Endi "Augsburg" bosh murabbiyi koronavirus testini topshiradi va uning natijalarini kutishga majbur bo'ladi. Agarda unda salbiy natija qayd etilsagina u kelasi haftadan ishga qaytishi mumkin bo'ladi.

Germaniya chempionati 16 may kunidan start oladi.


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: Bild