"Navbahor" matbuot anjumanida O'zbekiston - Eron o'yini haqida savol berishdi

Aslanov Jasurbek
6 noya 2023
"Nassaji" hamda "Navbahor" o'rtasidagi OCHL guruh bosqichi 2-tur o'yinidan (1:3) so'ng mehmon jamoa ustozi Samvel Babayan va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi Oston O'runov matbuot anjumanida ishtirok etishdi.

Samvel Babayan: "Muxlislarni g'alaba bilan tabriklayman. Sifatli o'yin uchun yigitlarga rahmat aytaman. Ushbu g'alaba bizga keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyat yaratdi".

- Guruhingizda qaysi jamoa keyingi bosqichga chiqadi deb o'ylaysiz?

- Keyingi bosqich? Boshidan guruhda "Al Hilol" yetakchi, qolgan jamoalarda imkoniyat bir xil deb aytgandim. Ayni damda 10 ochko yig'a oldik va "Al Hilol" singari keyingi bosqichga yo'l olish uchun ajoyib imkoniyatga egamiz.

Oston O'runov: "Assalomu alaykum, ushbu bahsga yaxshi tayyorgarlik ko'rgan edik. Eronga faqat uch ochko maqsadida tashrif buyurdik va maqsadimizga erishdik".

- 4ta bahsda 10 ochko to'pladingiz, bu juda zo'r natija. Shunday bo'lishini kutganmidingiz?

- Guruhimizda yaxshi jamoalar yig'ilgan. Bugun g'alaba qozondik, ammo bu osonlikcha sodir bo'lmadi. Bizning kvartetdagi klublarda yaxshi murabbiy va futbolchilar jam bo'lishgan.

- O'zbekiston terma jamoasi JCH-2026 saralashi ikkinchi bosqichida Eron bilan o'ynaydi. Bu haqida nima deya olasiz?

Oston O'runov: - Xudo xohlasa, Eronga qarshi bahsga yaxshi tayyorgarlik ko'rib, g'alaba qozonishga harakat qilamiz.



Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia