"Navbahor" yig'inni boshladi

Aziz Tukhtamuradov
4 yanv 2015
Rejaga ko'ra bugun jamoa a'zolari mavsumga tayyorgarlikning ikkinchi bosqichini o'tash maqsadida Namanganda to'planishdi.
Tushdan keyin futbolchilar belgilangan joyga yetib kelishdi. Soat 15.30da esa datlabki mashg'ulot ham boshlandi. Jamoa a'zolari bir necha kunlik hordiqdan keyin yana mashg'ulotlarga qo'shilganliklari uchun bugungi mashg'ulot “Navbahor” markaziy o'yingohining yugurish yo'lakchasida o'tkazildi. Avval tarkibdan bir qator o'zgarishlarni ro'y berishi haqida xabar berib o'tgandik. Jamoamizning bugungi yig'iniga 2014 yilgi mavsumni Muborakning “Mashal” klubida o'tkazgan hujumchi Mo'ydin Mamazulunov qo'shildi. So'nggi chempionatda muborakliklar sharafini himoya qilgan hujumchi 23 ta o'yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga ettita to'p kiritishga erishgandi. Agarda futbolchining xatti-harakatlari murabbiylar shtabiga manzur bo'lsa Mamazulunov bilan shartnoma imzolanadi. Bundan tashqari o'tgan chempionatni jamoamizda ijara asosida o'tkazgan Tohir Shamsiddinov va Bobir Akbarovlar ham safga qaytishdi. Shamsiddinov 2014 yil boshida “Paxtakor”dan taklif etilgan bo'lsa Akbarov mavsum ikkinchi yarmida “Bunyodkor”dan ijaraga olingandi. Davralar oralig'ida jamoamizga jalb etilgan himoyachi Akbar Sattaev esa “Navbahor” bilan xayrlashdi. 
Ayni paytda klub rahbariyati va murabbiylar shtabi tarkibdagi raqobatni oshirish maqsadida bir qator futbolchilar bilan muzokaralar olib borishmoqda. Ushbu masala shu kunlarda o'z echimini topadi. Shundan keyingina, jamoa safidan o'rin olishi mumkin bo'lgan futbolchilar haqida ma'lumot berib o'tamiz. Jamoamiz bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov hozirda milliy terma jamoamiz bilan birgalikda Avstraliyada bo'lib turganligi bois mashg'ulotlarga Zohid Nurmatov, Mustafo Bayramov va Sergey Zaxareckiylar boshchilik qilishmoqda. Nurmatov dekabr oyida Toshkentda tashkil etilgan “A” licenziyasi uchun tashkil etilgan o'quv-kurslarida tahsil olganligi sababli dastlabki yig'inda qatnasha olmagandi.

Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz