Murod Otajonov: "Keyingi uchrashuvlarda yanada chiroyliroq o'yin ko'rsatamiz"

Sherzod Nurmatov
4 mar 2023
Coca Cola Superligasi 1-turidan joy egallagan "So'g'diyona" – "Bunyodkor" (0:1) bellashuvidan so'ng "qaldirg'ochlar" bosh murabbiyi Murod Otajonov fikrlarini bildirdi.

"Avvalo, chempionat starti bilan hammani tabriklayman! Birinchi o'yin bo'lgani bois hayajon sezildi. Yigitlar o'yinga kirishib keta olishmadi. O'ylaymanki, keyingi uchrashuvlarda yanada chiroyliroq o'yin ko'rsatib, g'alabalarga erishamiz.

"So'g'diyona" jamoasiga nazar tashlasak, jamoa yangi, 80-90% futbolchilari yangi kelib qo'shilgan. Ularning o'yini qovushmadi deb o'ylayman", – dedi Murod Otajonov.

- Dastlabki tur kutilmagan natijalar bilan boshlandi – "Neftchi" safarda yirik hisobda yutdi, "Olimpik"ning "Paxtakor ustidan g'alaba qozondi.  Bu siz uchun kutilmagan holat bo'ldimi?

- Qaytarib o'taman, mavsum boshida hamma jamoalar bir xil holatda. 3-4-turga kelganda hammasi aniq namoyon bo'ladi. O'sha paytga kelib jamoalar boshqacha o'yin ko'rsatishadi. "Paxtakor" shunday o'ynashini kutmagandik, "Neftchi"ning o'yinlarini Turkiyada ko'rgan edik. Superligada 14 jamoa bo'lsa, hammasida deyarli bir xil holatda. Kimda ko'proq tajribali futbolchilari bo'lsa, 3-4-turdan keyin o'zini ko'rsatadi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia