Muhsin Nizomiddinov: "Biz hali maqsadimizga erishganimiz yo'q"

Sherzod Nurmatov
25 okt 2023, 18:47
Pro liganing so'nggi turidan o'rin olgan "G'ijduvon" – "Qo'qon-1912" (1:8) uchrashuvidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinov fikrlarini bildirib o'tdi.

"O'yinga to'xtaladigan bo'lsam, natija kutganimizdek bo'ldi. Muxlislarni g'alaba bilan tabriklayman. Bugun Pro liganing oxirgi uchrashuvi edi. Endi oldindagi 2 ta pley-off o'yiniga tayyorlanamiz", – deydi Muhsin Nizomiddinov. 

- "Qo'qon-1912" maqsadsiz jamoaga aylanib borayotgandek...

- Jamoani qabul qilib olganimda 5 ochko ortda edik. Ikkinchi davrada vaziyatni o'nglashga harakat qildik. Ayrim o'yinlarda biroz omadimiz kelmadi. Superliga sari oxirigacha harakat qilamiz. Har bir jamoada maqsad bo'ladi. Maqsadsiz jamoa, deyish noto'g'ri. Maqsadimiz – Superligaga chiqish. 

- Jamoa birinchi bo'limda qandaydir sust o'ynadi. Buning sababi nima?

- Birinchi bo'limda ko'proq pressing uyushtirib o'ynadik. Raqibni to'psiz qoldirishga harakat qildik. Ikkinchi taymda o'zgarishlar amalga oshirildi. O'ylagan maqsadimizga erishdik. Futbolchilar individual kuchli, qanday o'ynashni biladi, lekin jismoniy kuch yetishmadi. Bu vaziyatga tayyorgarlik ko'rgandik. Birinchi bo'limda vaziyatimiz ko'p bo'ldi, foydalana olmadik. Ikkinchi taymdagi har bir vaziyatimiz gol bilan yakunlandi. 

- Jamoa chempionlikni olib, Superligaga chiqishiga nima yetishmadi?

- "Dinamo" ham, "Lokomotiv" ham oddiy jamoalar emas. Ular bilan raqobat qilib, yakunda yetib oldik, lekin omad yetishmadi. Keyingi o'yinlarga maksimal darajada tayyorgarlik ko'ramiz. Biz hali maqsadimizga etganimiz yo'q.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia