

O'zbekiston terma jamoasi yig'inining birinchi kunida son mushaklarini jarohatlab olgan Sherzod A'zamov keyingi ikki kunlik mashg'ulotlarni o'tkazib yuborgandi. Ma'lum muddat zalda shug'ullangan A'zamov kecha mashg'ulotlarga qaytib, yakka tartibda shug'ullanib turgandi.

Biroq shifokorlarning nazoratidan so'ng himoyachining jarohatini tiklash jarayoni biroz cho'zilishi ma'lum bo'ldi. Terma jamoaning bo'lajak o'yinlariga juda yaqin qolgani sababli, A'zamovning jarohatini terma jamoa lagerida muolaja qilishdan ko'ra uning o'rniga boshqa himoyachi jalb etildi. A'zamovga esa kechagi kungi mashg'ulotlardan so'ng jarohatini davolash uchun ruxsat berilgan. Uning o'rni "Lokomotiv" himoyachisi Islom To'xtaxo'jaev bilan to'ldiriladi. Bugundan e'tiboran Islom To'xtaxo'jaev terma jamoa mashg'ulotlariga qo'shilishi kutilmoqda.

Shuningdek, kecha "Lokomotiv" a'zosi Husniddin G'ofurov ham jarohat olib mashg'ulotlarni erta yakunlashga majbur bo'lid. Shifokorlarning aytishicha, G'ofurovning jarohati u qadar jiddiy emas. Ammo uning bugungi mashg'ulotda umumiy guruh yoki yakka tartibda shug'ullanishi noma'lum.
Qayd etish kerakki, TTMI stadionida mashg'ulot o'tkazayotgan terma jamoamiz maydon sug'orilmagani bois uchinchi futbolchisini jarohatlab oldi.
Bunga qadar terma jamoadan chaqiruv olgan darvozabon Botirali Ergashev jarohati bois o'rnini Roman Abdulovga bo'shatgandi. "Paxtakor" kiperi Eldorbek Suyunov ham mashg'ulotining dastlabki kunida jarohat olganligi tufayli terma jamoa lagerini tark etgandi.
Eslatib o'tamiz, terma jamoaning o'tgan safargi yig'inida ham Sherzod A'zamov va Aziz Haydarov jarohatgan olishgani bois o'rtoqlik o'yinlarini o'tkazib yuborishgandi.



