Mirjalol Qosimov: "Ruminiya va Moldova klublariga qarshi o'ynashni istamayman. Jamoani 13 nafar futbolchi tark etdi"

Оқил Абдубарноев
8 fev 2026
OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoni haqida fikr bildirdi.

– Ikkinchi xorijiy o'quv-mashg'ulot yig'inlari boshlandi. Mana bugun ilk nazorat o'yini SSKA jamoasiga qarshi kechadi. SSKA yaxshi shakllangan jamoa. Hozir musobaqa jadvalini ham ko'rib chiqdik, Rossiya premer-ligasidagi nomdor jamoalar bilan birgalikda o'sha chempionatda ishtirok etyapti. Umuman, hozir yog'ayotgan yomg'ir qanchalik rejalarni o'zgartirib yuboryapti?

– Allohga behisob shukur, endi bu tabiatning inoyati. Ertalab kuchli jala bo'ldi va ko'p o'yinlar qoldirildi deb eshitdik. Xavotir bor edi. Allohga shukur, peshindan keyin havo ochilib, o'yinimiz qoldirilmaydigan bo'ldi, hozir maydonga tushadigan bo'ldik, ruxsat berishdi. Albatta, eng keraklisi, shundan to'g'ri foydalanish.

– Birinchi yig'in Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida o'tkazilgan edi. Ikkinchi xorij yig'in Turkiyada. Ayrimlar bir oylab mashg'ulotlarni o'tkazishyapti, hamma o'zining rejasidan kelib chiqadi. Nima sababdan birinchi yig'in Abu-Dabi, ikkinchisi bu erda o'tkazilmoqda?

– Ancha yillar oldin, adashmasam, "Bunyodkor" bilan kelganimizda, uch-to'rt kunlab shunday ob-havo sababli rejalar o'zgarib ketgandi. Jamoalar ko'p, maydon sifati suv bosgandan keyin yaroqsiz holga kelgan... Yomg'ir to'xtamay, haftalab yoqqanidan keyin jamoalar faqat bitta mashg'ulot zaliga bog'lanib qolardi. Jamoalar ko'pligidan urush-janjallar bo'lardi. Shundan xulosa chiqarib, keyinchalik, har doim "Bunyodkor"da ham birinchi o'quv-yig'in mashg'ulotlarimizni Arab Amirliklarida o'tkazardik. Keyingi fevral oyida har doim Antaliyada yig'in tashkil qilinardi. Havo ancha yaxshi bo'lardi. Bir necha yil avval shunaqa qor yoqqan va mashg'ulot o'tkazishga imkon bo'lmay, jamoalar xonada qolib ketishgan. Shuning uchun xorij mashg'ulot o'tkazganda hamma taraflama o'ylab, imkoniyatdan kelib chiqib, ob-havoni ham o'ylab, tashkil etiladi. Mana "Dinamo" birinchi yig'inni ham, ikkinchisini ham Dubayda o'tkazdi. Negaki, hozirda Rossiya jamoalari birinchi davra bilan ikkinchi davraning oralig'ida tayyorgarlikni o'sha erda olib borishyapti. Ko'p jamoalar hozir Dubayda o'quv-yig'in mashg'ulotlarini o'tkazishyapti.

– Odatda, nazorat o'yinlari uchun raqiblarni tashkilotchilar tanlashadi. Raqib tanlashda bosh murabbiy sifatida asosiy e'tibor nimaga qaratiladi?

– Men Ruminiya jamoalar bilan kuch sinashishni bilan xohlamayman. Sababi, avvallari bu Mamlakat jamoalari bilan ko'p janjal bo'lgan. Bundan ham to'g'ri xulosa chiqarib, iloji boricha Ruminiya va Moldova jamoalari bilan duch kelishni xohlamayman. Qo'shni davlat, "qarindosh-urug'chilik" deydi-ku, u yoqda ham, bu yoqda ham futbol emas, bir-biriga jarohat etkazish, urushlar ko'p bo'lib qolardi. Shuning uchun ham bu jihatlarga e'tibor qaratamiz. Ko'proq Rossiya, Serbiya yoki qo'shni Qozog'iston yoki Qirg'iziston jamoalari bilan o'rtoqlik uchrashuvlari belgilaymiz. Yoki gruzinlar bilan. Har bir davlatning o'z futbol yo'nalishi bor. Shunga qarab turib tanlaniladi. Har doim ham siz xohlagandek bo'lavermaydi. Chunki bazi jamoalar oldindan reja tuzgan bo'ladi. Dubayda qiynaldik. U erda "Alaniya"da o'ynab yurgan kezlarim jamoada ishlagan Aleksandr Stirlix degan kishi bilan gaplashdik. "Biz o'quv-yig'in mashg'ulotlarini avgustning oxirida va sentyabr oyida rejalashtirib bo'lganmiz", dedi. Aslida shunaqa bo'lishi kerak.

– Jamoa tarkibida sobiq shogirdingiz Siyavash Haqnazariy ko'zga tashlandi. Uning qolishi qanchalik haqiqat?

– Uni ko'rikda desak ham bo'ladi. Siyavash jamoasiz qolib ketdi. Individual shug'ullangani boshqa, jamoaviy mashg'ulot boshqa. Shu bois hozir safimizda mashg'ulot o'tkazmoqda. Barchasi o'ziga bog'liq, uning imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. 

– Jamoa tarkibini deyarli shakllantirib oldingizmi yoki kimdir qo'shilishi mumkinmi?

– Jamoani kuchaytirishni xohlaymiz. Lekin hozirgi kunda qo'l ostimdagi yigitlardan foydalanamiz deb o'ylayman. Nimagaki, o'tgan yili, adashmasam 13 nafarga yaqin futbolchi jamoani tark etdi. Sababi, ular so'ragan mablag'ni qondirishga imkonimiz yo'q. Futbolchi karerasi davomida ishlab qolish kerak, chunki faoliyati qisqa bo'ladi. Ular omad tiladik. 13 kishi degani bir jamoa degani. Bu holat birinchi marta sodir bo'lmayapti. Xudo xohlasa jamoa shakllanadi. Qolganini vaqt ko'rsatadi. Allohga tavakkal. Malakali o'yinchilar ketishdi. Ular OKMKda futbolchi sifatida yaxshigina o'sishdi. Boshqa jamoalardan yaxshi taklif bo'lgani uchun ularni ushlab qololmadik. Talabini qoniqtirolmadik. Shu bois jamoaga yoshlarni jalb qilyapmiz, lekin jamoa shakllanadi. Oxirigacha kurashamiz.

– Qur'a har doim bo'ladi, hamma bilan baribir o'ynab chiqamiz deyiladi-ku. Lekin bu yilgi mavsum boshqacharoq bo'lyapti. Judayam tig'iz taqvim, jahon chempionatigacha bir nechta o'yinlarni o'tkazib yuborish kerak. Bu jamoalarga qo'shimcha bir bosim yuklaydimi?

– Yo'q, nega? Bu avvalambor milliy terma jamoamiz manfaati uchun. Qolaversa, O'zbekiston chempionati milliy terma jamoa manfaati uchun xizmat qiladi. Shuning uchun ham, bunga ko'nikamiz. Hech qanaqa yomon tarafini ko'rmayapman. O'yinlar orasida to'rt-besh kunlik mikrocikl bo'lyapti. Bu yomon emas. Futbolchilar mashg'ulotdan ko'ra o'yin o'tkazishni yaxshi ko'radi. Shu bois bu foydaga ishlashi mumkin. Baribir hamma jamoa bilan o'ynashimiz kerak. Bor kuchimizni ishga solamiz. Qolganini vaqt ko'rsatadi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia