"Metallurg"ning jismoniy tayyorgarlik bo'yicha yangi murabbiyini ko'rdingizmi? U ikki karra jahon chempioni

Aslanov Jasurbek
29 may 2021
Mamlakat milliy chempionati bahslariga tayyorgarlik ko'rayotgan Bekobodning "Metallurg" jamoasida mashg'ulotlarning ikkinchi cikli boshlandi.

FIFA kunlari munosabati bilan yuzaga kelgan tanaffusdan "Metallurg" birinchilardan bo'lib mashg'ulotlarga qaytganligi haqida xabar berilgandi. Mashg'ulotlarning birinchi haftasi murabbiylar shtabi futbolchilarning funkcional, jismoniy tayyorgarligiga jiddiy e'tibor qaratishdi. Boisi ortda qolgan turlar davomida futbolchilarning aynan jismoniy holati, tez toliqib qolishlari, zahira o'rindig'ining torligi Jasur Abduraimovni qiynagandi. Shu bois Jasur Beradorovich bu galgi yig'inga o'zgacha yondoshdi.Futbolchilarning jismoniy holatini oshirishda ekstremal sport turlari va Bahodirlar o'yini bo'yicha 46 karra O'zbekiston chempioni, Osiyoning mutloq chempioni, ikki karra jahon chempioni, Arnold klassik sport musobaqalari g'olibi Sergey Trubicinni yordamga jalb etdi.

Bekobod shahrida davom etayotgan mashg'ulotlar har kuni ikki mahaldan olib borilayapti. Kunning birinchi yarmida futbolchilar jismoniy tayyorgarlikni tiklash markazida fitness bilan mashg'ul bo'lishyapti. Kunning ikkinchi yarmida esa jamoa "Metallurg"  markaziy stadionida ko'proq to'p bilan ishlayapti. Bunda asosiy e'tibor jamoa o'yinini shakllantirish,  to'p bilan ishlash,  turli o'yin vaziyatlarini ishlab chiqish, kombinaciyalarni mukammallashtirishga qaratilmoqda. Quyida jamoaning mashg'ulotlaridan rasmlarni tomosha qilishingiz mumkin.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: "Металлург" матбуот хизмати