Messiga yangi laqab o'ylab topildi

Alisher
30 iyun 2021
"Barselona" klubi hamda Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi Braziliyada o'tayotgan Amerika Kubogida muvaffaqiyatli ishtirokini davom ettirmoqda va bu orada yangi laqabga ega chiqdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 34 yoshli futbolchini "Anqara Messi" deb nomlashmoqda va bu laqab so'nggi kunlarda Messiga "yopishdi". Laqab muallifi argentinalik futbol muhlisasi va yutuber Lukita Rodriges, deb ishonilyapti. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida 14 yil avvalgi videoni joylashtirdi. Videoda yosh Messining "Xetafe" bilan o'yindagi 7-8 futbolchini aldab o'tib urgan goli va bu golga sharhlovchining "Anqara Messi, Anqara Messi" qabilidagi reakciyasi aks etgan. Aslida sharhlovchi katalonchalab "Encara Messi", yani "Hali ham Messi" deb aytgan edi. 

Yangi laqab tezlik bilan tarqala boshladi va seshanba kuni "Anqara Messi" jumlasi Argentina telekanallari efirida ham aytildi. Argentina futbol Federatsiyasi va Turkiyaning "Anqaragyujyu" klubi Twitter sahifalari ham chetda qolishmadi.

Bundan tashqari, Ispaniyaning Marca nashri Messining yangi laqabi to'g'risida qayd chop etdi.

Amerika Kubogida Argentina terma jamoasi chorak finalga yo'l oldi. Bu bosqichda jamoa 4 iyul kuni Ekvadorga qarshi o'ynaydi.


AlisherMuallif
Manba: twitter.com/fcbarcelona_tr