Mbappe – Pele, Zidanning rekordini yangiladi. U JCH to'purarlari jadvalida va bir mundialdagi gollar soni bo'yicha top-6'ga kirdi (+ro'yxat)

Eldor Akmurzayev
19 dek 2022
JCH-2022 finalida Fransiya TJ dramatik bahsda Argentinaga imkoniyatni boy berdi – 3:3, penaltilar bo'yicha 2:4.

Uchrashuv qahramonlaridan biriga aylangan Kilian Mbappe mundial finallaridagi gollari sonini 4 taga etkazib, bu borada rekord qo'ydi. U bu turnirning hal qiluvchi bahsida xet-trikka erishdi va 2018 yilgi musobaqada Xorvatiya (4:2) darvozasini ishg'ol etgandi.

Shu tariqa, Mbappe finalda gol urish bo'yicha Vava, Pele (ikkisi Braziliya), Zinedin Zidan (Fransiya) hamda Jeff Xerst (Angliya)ni ortda qoldirdi. Yuqorida nomlari sanab o'tilgan futbolchilarda 3 tadan gol bor edi.

23 yoshli o'yinchi mundialdagi gollarini 12 taga etkazib, bu borada eng yaxshi to'purarlar ro'yxatida 6-o'rindagi Pelega yetib oldi.

JCHda eng ko'p gol urgan futbolchilar:

1. Miroslav Kloze (Germaniya) – 16 ta;

2. Ronaldo (Braziliya) – 15;

3. Gerd Myuller (Germaniya) – 14 ta;

4-5. Lionel Messi (Argentina), Jyust Fonten (Fransiya) – 13 tadan;

6-7. Kilian Mbappe (Fransiya), Pele (Braziliya) – 12 tadan.

Bundan tashqari, Kilian bir turnirda gol urish (8 ta) bo'yicha Gilermo Stabile (Argentina) hamda Ronaldo (Braziliya) bilan tenglashdi. Ulardan oldinda esa 5 futbolchi bor.

Bir turnir davomida eng ko'p gol urgan futbolchilar:

1. Jyust Fonten (Fransiya) – 13;

2. Shandor Kochish (Vengriya) – 11;

3. Gerd Myuller (Germaniya) – 10;

4-5. Ademir (Braziliya) – 9;

4-5. Eysebio (Portugaliya) – 9;

6-8. Kilian Mbappe (Fransiya) – 8;

6-8. Ronaldo (Braziliya) – 8;

6-8. Gilermo Stabile (Argentina) – 8.


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Championat.asia