"Manchester Yunayted" moliyaviy hisobotni taqdim etdi. Retkliffning keskin qarorlari qanday samara berdi?

Sherzod Nurmatov
12 dek 2025
Ser Jim Retkliffning "Manchester Yunayted"ga kelishi klubning og'ir moliyaviy ahvoli tufayli xarajatlarni keskin qisqartirish bilan boshlandi.

Endi esa bu chora-tadbirlar qanday natija bergani ma'lum bo'ldi.

Klub birinchi chorak uchun moliyaviy hisobotni taqdim etdi. Unga ko'ra, jamoaning maoshlar jamlanmasi qariyb 74 million funt sterlinggacha qisqargan. Bu esa katta maoshga ega bo'lgan ayrim futbolchilar ijaraga berilgani bilan bog'liq. Xususan, Markus Reshford va Jeydon Sancho ijaraga jo'natildi, ularning oylik maoshi mos ravishda "Barselona" va "Aston Villa" tomonidan to'lab berilmoqda.

Shu bilan birga, evrokuboklarda ishtirok etilmagani sababli klub daromadlari kamaygan. Ammo shunga qaramay, maoshlar va daromadlar o'rtasidagi nisbat 52,5 foizga tushgan, o'tgan yilning shu davrida esa bu ko'rsatkich 56 foizni tashkil etgan edi. Hozirgi maosh xarajatlari 2020 yildan beri birinchi chorak uchun eng past ko'rsatkich hisoblanadi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: The Mirror