"Manchester Yunayted" bosh murabbiy lavozimi uchun asosiy nomzodlarni belgilab oldi

Sherzod Nurmatov
6 yanv 2026
Jahon futbolidagi eng nufuzli insayderlardan biri, "The Athletic" muxbiri Devid Ornshteyn MYUda Ruben Amorim ishdan bo'shatilgandan keyin bosh murabbiylikka ikki asosiy nomzodni keltirib o'tdi.

Manba ma'lumotlariga ko'ra, agar klub yangi murabbiyni tayinlashni yoz mavsumigacha qoldirishga qaror qilsa, mankunianlar Tomas Tuxel va Roberto De Zerbini ustuvor variantlar sifatida ko'rib chiqmoqda.

Ayni paytda Tomas Tuxel Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi va JCH-2026da ham milliy jamoa bilan ishlaydi. Nemis mutaxassisi klub darajasida katta yutuqlarga erishgan, jumladan, Chempionlar Ligasini qo'lga kiritgan.

Roberto De Zerbi esa hozirda Fransiyaning "Marsel" jamoasini boshqarmoqda. Jamoa Liga 1 da yuqori natijalar ko'rsatib, chempionatda yetakchi o'rinlar uchun kurash olib bormoqda.

Eslatib o'tamiz, Ruben Amorim 5 yanvar kuni "Manchester Yunayted" bosh murabbiyi lavozimidan ozod etilgan. Klub rahbariyati murabbiylik shtabi borasidagi keyingi qadamlarni tahlil qilishda davom etmoqda.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: The Athletic