Maksim Shackixni qiynayotgan muammo nima? Bekobodda tezlik olgan "Neftchi" Farg'onada yurishni davom ettiradimi?

Iskandarov Abdulaziz
7 mar 2023
Superliganing ikkinchi turidan bir nechta qiziqarli uchrashuvlar o'rin olgan.

Farg'onada chempionatimizning ikki azaliy raqiblari "Neftchi" - "Paxtakor" uchrashadi. Bu o'yinga o'tishdan oldin jamoalarning birinchi turdagi o'yinlariga qisqacha xulosa beramiz. 


"Neftchi"

Bekobodda chempionat startiga ikki xil kayfiyatda yetib kelgan jamoalar to'qnashdi. Superliganing 13ta jamoasi qishni Antaliya, Dubayda o'tkazgan bir pallada "Metallurg" qorli va sifatsiz maydonlarda shug'ullandi. Odatdagidek jamoalar sparring raqib sifatida ko'rildi. "Neftchi" 40 kun davomida Turkiyada o'zidan bir bosh baland raqiblarga qarshi maydonga chiqdi. Taraddud ko'ngildagidek kechdi. Bu xatto o'yin davomida ham sezildiki, Vitaliy Levchenko futbolchilarni yaxshilab toblagan. "Metallurg"ning siyosati o'tgan yili asosiy e'tiborni yoshlarga qaratish, tarkibni mahalliy futbolchilardan shakllantirish edi. Lekin Luisma Ernandes bu bilan natija qila olmasligini sezdi shekili, xorijlik futbolchilarni jalb qildi.  "Neftchi"da futbolchilar yaxlitligi bor. Tarqoqlik ko'zga tashlanmadi. Maydonda o'zaro tushunish yaxshi darajada. Futbolchilar o'zlarining kuchli tomonlaridan foydalana olishyapti. Farg'onaliklar bu o'yingacha so'nggi bor Bekobodda 2015 yilgi mavsumda g'alaba qozongan edi. Demak seriyaga barham berildi. 




"Paxtakor"

Qaysidir manoda kutilgan va kutilmagan natija qayd etilgan uchrashuv. Kutilmagan bu tarkibdagi futbolchilarning tajribasi va darajasi bo'yicha "Paxtakor"ning ustunligi, kutilgani Timur Kapadzening jamoasi o'tgan yili ham ikkita bahsda etarlicha qarshilik ko'rsatib ochko olgani va raqibining tarkibidagi muammolari. Darhaqiqat, hozirda Maksim Shackixni o'ylantirayotgan ayrim jihatlar yo'q emas. Birinchisi hujum, shu kuni asli vinger Sardor Rashidov sof forvard rolida paydo bo'ldi. Ming qilsa ham unda nuqta qo'yadigan hususiyat kam. Banashak yaxshi hujumchi, lekin jarohatga moyiliggi borligini guvohi bo'ldik. Kuzga borib OCHLda ishtirokini boshlaydigan "Paxtakor" yozgi transferlar oynasida yaxshi hujumchi olishi kerakligini aytish joiz. Cherandan xujumchi rolida foydalanar, lekin xalqaro maydonda Cheranga qarshi katta saviyadagi himoyachilar o'ynaydi.



Ikkinchi muammo zaxira o'rindig'ining torligi. O'sha kuni Shackixda zaxiradan o'yinga tushib kuchaytiradigan nominal 2ta variant bor edi. Hamraliev va Xolmatov. Diyorbek Ortiqboev, Abbos Fayzullaev, Shahriyor Jabborov, Behruz Asqarov U-20 terma jamoasida. Endi aytingchi Maks kimni tushirsin? 

Uchinchi muammo markaziy himoya. Sherzod A'zamovning yo'qligi yaqqol sezilayotganini, orqa chiziqda yetakchi o'yinchinng etishmayotgani kundek ravshan. Azmiddinov va Tursunov tandemi etarlicha samara bermayotgandek. "Olimpik" urgan gollarda himoyachilarning xatolari katta ta’sir o'tkazdi. 



"Paxtakor" "Neftchi"ni Superligadagi so'nggi 6 mavsumida 2 marotaba mag'lub etgan. Bu anana o'tgan yili Maksim Shackix davrida barham topdi. 4ta uchrashuvning 2tasida farg'onaliklar g'alaba qozongan bo'lsa, 2ta bahsda durang qayd etilgan. Umumiy olganda ham Farg'onada kechgan o'yinlarda "Neftchi" ustun. 27 uchrashuv, 14ta g'alaba, 7 durang va 6 mag'lubiyat.

23.03.2014. "Neftchi" - "Paxtakor" 1:2

30.09.2015. "Neftchi" - "Paxtakor" 3:2

15.10.2016. "Neftchi" - "Paxtakor" 1:0

08.03.2017. "Neftchi" - "Paxtakor" 0:0

12.06.2018.  "Neftchi" - "Paxtakor" 1:1

12.08.2022. "Neftchi" - "Paxtakor" 0:2


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia