

To'g'ri, 20 yoshu 11 oy 19 kunligida terma jamoadagi debyutini nishonlagan Supermaks o'tgan yili Ummonga qarshi kechgan uchrashuvdan so'ng asosiy e'tiborini klubdagi ishlariga qaratyapti. Yakunlan mavsumni Ukrainaning “Goverla” klubida o'tkazgan kenja Shackix ayni payt oilasi davrasida hordiq chiqaryapti. Haqiqatan ham, Maksim terma jamoadagi o'yinlari bilan muxlislarimizga olam-olam quvonch bag'ishlagan. U terma jamoamiz safidagi ilk uchrashuvidayoq “xet-trik”ka erishgan yagona futbolchi hisoblanadi. Bitta o'yinda 5ta gol urgan yagona futbolchi ham aynan Shackixdir. Bosh jamoa libosida raqiblar darvozasini ko'p ishg'ol qilish bo'yicha rekord ham shu Maksimga tegishli - 34ta gol. Biz bo'lajak futbol mavsumiga yangi umidlar bilan qarab, hozirda hordiq chiqarayotgan goleador bilan bog'lanib, qisqa va lo'nda eksklyuziv intervyu oldik.
- Maksim, salom. Kayfiyatlar qanday?
- Hammasi joyida. Tatildan unumli foydalanib, charchoq yozyapman.
- Yangi mavsum uchun qanday rejalar tuzyapsiz?
- Hozircha hech qanday. Bor e'tiborimni dam olishga qaratyapman.
- Lekin hali futbolchilik faoliyatingizni yakunlash haqida o'ylamayapsiz, shundaymi?
- Albatta. Futbol maydonida qiladigan ishlarim ko'p (kuladi). Gap bir yil haqida ketmayapti. Futbolchilik faoliyatimni imkon qadar uzaytirishdan umidvorman.
- O'tgan mavsum xulosalari qanday bo'ldi?
- “Goverla” 12-o'rinni egalladi. To'g'ri, bu ijobiy natija emas. Lekin jamoaning hozirgi holatidan kelib chiqib aytganda, chidasa bo'ladigan ko'rsatkich. O'zimga kelsak, mavsum davomida barcha o'yinlarda maydonga tushmadim, ammo 3ta gol urishni uddaladim.
- Klubning futbolchilardan qarzlari hamon saqlanib turibdi, chog'i?
- Ha, lekin bu mavzu yuzasidan chuqurlashishni istamayman.
- Ukraina saytlari bu masalani juda ko'p ko'tarishdi. Harqalay, “Goverla” futbolchilar bilan hali to'liq hisob-kitob qilmagan ekan...
- To'g'ri. Haqiqatan ham, bu haqda juda ko'p yozishdi.
- Faoliyatingizni yakunlash haqida o'ylamayotgan ekansiz, demak, takliflar bordir...?
- Albatta, chorlovlar etarli. Faqat, hozir ular xususida batafsil to'xtalishdan mano yo'q.
- O'zbekiston chempionatida 1-2 yil o'ynash niyatingiz yo'qmi?
- Masalan, qaysi jamoada?
- “Lokomotiv”, “Nasaf”, balki “Paxtakor”...
- Hozircha bu klublardan taklif tushgani yo'q.
- Agar chaqirishsa, rozilik berarmidingiz?
- Avval chaqirishsin, keyin bu haqda o'ylab ko'raman.
- O'zi O'zbekiston chempionati o'yinlarini kuzatib boryapsizmi?
- Har doim ham bunday imkoniyat bo'lavermaydi. Lekin kuzatmayapman, deyishim ham noto'g'ri.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi, “InterFUTBOL” gazetasi



