“Lokomotiv” - “Qo'qon-1912” uchrashuvi hakami jazolanadi

Narzulla Saydullayev
7 apr 2018
Superliga 5-turidan o'rin olgan “Lokomotiv” - “Qo'qon-1912” uchrashuvida bosh hakamga yordam bergan Akbar Po'latov qo'pol xatoga yo'l qo'ygani uchun jazolanadi.

Valentin Kovalenko boshqarib borgan bellashuvning 17-daqiqasida “Lokomotiv” futbolchilari hisobni tenglashtirishga erishdi. Takroriy lavhalar gol o'yindan tashqari holatdan kiritilganini ko'rsatdi.

O'sha vaziyatda qanot hakami Akbar Po'latov so'nggi himoyachi bilan bir chiziqda turishi va Marat Bikmaevning o'yindan tashqari holatda ekanini aniqlab, bayroqchasini ko'tarishi kerak edi. Biroq laynsmen bu vaziyatni e'tibordan chetda qoldirdi. Oqibatda uning xatosi o'yin natijasiga o'z ta’sirini ko'rsatdi.

“Lokomotiv” - “Qo'qon-1912” uchrashuvi nazoratchisining bildirgisiga asosan Akbar Po'latov 4 ballga (2 baho) loyiq ko'rildi. Endilikda u Superliga o'yinlariga qo'yilmaydi. Jazo muddati qancha vaqt davom etishini O'FF Hakamlar qo'mitasi hal qiladi.



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfl.uz