Kozak: Yurtimizni Jahonga tanitdik

Narzulla Saydullayev
8 iyul 2013
FIFAning rasmiy saytida O'zbekiston to'g'risida berilayotgan maqolalarni sizga etkazishda davom etamiz. Bu safargisi jamoamiz sardori Vladimir Kozak hamda jamoamizning turnirdagi ishtiroki haqida.
Rizo shahrida soat 20:00 dan o'tgach, Yangi Shahar stadionining devorlari qarsaklar va hayqiriqlardan larzaga keldi.

Hozirgina FIFAning yoshlar o'rtasidagi 2013 yilgi Jahon chempionati chorak finalida Fransiya O'zbekistonni 4:0 hisobida mag'lub etdi, ammo bu xursandchilik sadolari Fransiya kiyinish xonasidan kelmayotgan edi. Qaytanga – O'zbekiston kiyinish xonasi eshigiga tashqaridan Bayroq o'rnatilgan, ortida esa tantana avjida edi.

Musobaqani tark etayotgan, uning ustiga to'rtta javobsiz to'p o'tkazib yuborgan jamoaning xursandchilik qilishini ko'p ham ko'ravermaymiz. Ammo O'zbekiston uchun sabab bor edi. “Biz uchun chorak finalgacha yetib kelish tarixiy natija”, dedi jamoa sardori Vladimir Kozak FIFA.com saytiga bergan intervyusida. “Mag'lubiyatga uchrashimizga qaramasdan, biz ishtirokimizdan xursandmiz. O'yindan keyin murabbiy tabriklash emas, unga shunchalik xursandchilik taqdim etganimiz uchun yonimizga kelib minnatdorchilik bildirdi. Biz buni umuman kutmagandik va bundan hammamiz ta’sirlandik hamda unga qarsak chaldik.”

Axmadjon Musaev qanchalik baxtiyor bo'lgan bo'lsa, Kozak ham undan kam xursand bo'lmadi. U umuman musobaqani o'tkazib yuborishi ham mumkin edi. “Menda musobaqadan avval uzoq muddat jarohat bor edi”, - dedi Toshkentning Paxtakor jamoasi yarim himoyachisi. “Yakunda men musobaqaga 5 kuncha qolganda tiklandim va jamoam uchun foydali bo'lish uchun bor imkoniyatimni ishga soldim. Men barcha jamoadoshlarimga, menga ishonch bildirishgani va tezda tiklanishimga yordam berishgani uchun minnatdorchilik bildiraman”.

Eng kuchlilar orasida
U haqiqatdan ham tezda ishga kirishib ketdi va dastlabki o'yinda, jamoasiga Yangi Zelandiyani 3:0 hisobida mag'lub etishga yordam berdi. “Agar bu turnirdan faqat bitta xotirani o'zi bilan olib kyetish, va uzoq muddat yodda saqlash imkoniyati bo'lsa, bu o'sha g'alaba bo'lardi”, - dedi Kozak. “Bu eng muhim lahza edi. Bu g'alaba bizga, biz ushbu turnir darajasiga mos ekanligimizga ishonch berdi. Ushbu g'alabadan so'ng biz nimaga qodir ekanligimizni ko'rdik va Xorvatiyaga qarshi o'yinda undan ham yaxshiroq o'ynadik”.

Turkiya 2013 Kozak va uning jamoasi uchun oson kechmasligi aniq edi. Bungacha 2003 va 2009 yillarda ushbu musobaqada qatnashgan O'zbekiston yoshlar terma jamoasi olti uchrashuvda atigi bir ochko to'plagandi. “Biz ushbu musobaqaga loyiqligimizni ko'rsatmoqchi edik”, - deb qo'shimcha qildi 7 raqam egasi. “Biz guruh bosqichidan chiqishni istagandik va buni amalga oshirish uchun nima qilish kerak bo'lsa, shuni qildik. Ushbu musobaqaga jahonning eng kuchli jamoalari kelishadi, va biz har doim O'zbekiston shu kuchli jamoalardan biri deb ayta olamiz.”

Musaev shogirdlari xatto Turk zaminida eng kuchli 8 jamoa qatoriga kirganlari bilan ham faxrlansalar bo'ladi va kim biladi deysiz, vaziyat boshqacharoq bo'lganida, balki ular bundan ham uzoqroqqa borishlari mumkin bo'larmidi. “Bu o'yinda bizning uch nafar asosiy futbolchilarimiz ishtirok eta olishmadi, va bu haqiqiy to'siq edi”, - deb tushuntirdi o'z o'rnini Sardor Raxmonov va Boburbek Yuldoshevlarning diskvalifikaciya qilinganligi bois himoya chizig'iga o'zgartirishga majbur bo'lgan Kozak. Bu orada istedodli yarim himoyachi Jamshid Iskandarov jarohat sababli o'yinni o'tkazib yubordi. “Fransiya bizdan kuchli o'ynadi, ammo bizning kuchli tarkibimiz o'ynaganida natija boshqacha bo'lishi mumkin edi”.

Sirli Mukofot
O'zbekiston musobaqani tark etgan bo'lishi mumkin, ammo Kozak, jamoasi o'z ishtirokidan faxrlanishi mumkin deb o'ylaydi. “Biz Turkiyaga yetib kelganimizda, ko'pchilik odamlar hatto O'zbekiston haqida eshitishmagan ekan. O'z o'yinimiz orqali biz yurtimizni jahonga tanitdik. Umid qilamanki, bundan keyingi musobaqalarda bu narsani davom etamiz”.

U-20 jamoasining ishtirokidan avval O'zbekiston FIFAning Meksikada 2011 yilda bo'lib o'tgan U-17 o'smiralr o'rtasidagi Jahon chempionatida a'lo darajada ishtirok etgandi. O'sha tarixiy muvaffaqiyat butun millatni shu darajada faxrlantirdiki, O'zbekiston hukumati, O'zbekiston Futbol federatsiyasi bilan birgalikda har bir futbolchini yangi avtomashina bilan mukofotladi.

O'sha muvaffaqiyatni takrorlagan Kozak hamda uning jamoadoshlari, Fransiya bilan bo'lgan o'yindan keyingi yig'ilishda, ular ham qaytganlarida sovg'aga umid qilishlari mumkinligini bilib olishdi - bu esa O'zbekistonliklarning echinish xonasidan kelayotgan xursandchilik xayqiriqlarining yana bir sababi edi. Ammo bu sovg'a qanday shaklda bo'lishi sirligicha qolmoqda. “Biz echinish xonasida bu narsani o'ylamay, va muhokama qilmay turolmadik”, - dedi Kozak xursandchilikdan jilmayar ekan. “Biz juda hayajonlanayapmiz va nimaligini tezroq bilgimiz kelayapti”.

Mana shu sabrsizlik va musobaqa xotiralari O'zbekiston jamoasini uylariga qaytgach ancha vaqtgacha ovuntirsa kerak.


Qobiljon Babaev tarjimasi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fifa.com