

– "Neftchi" haqida ilk taassurotlaringiz...
– Birinchi navbatda, Farg'ona shahriga ulkan minnatdorchilik bildiraman, bundan tashqari O'zbekistondagi barcha muxlislarimizga tashakkur izhor etaman. Men bu yerda ekanligimdan juda mamnunman. Menga bu shahar va muxlislarning o'z jamoasiga bo'lgan muhabbati juda yoqdi. Ochig'ini aytganda, bu yerda to'p tepish – men uchun katta sharaf.
– Fransiya chempionatidan O'zbekiston chempionatisha ko'chib o'tishingizga nima turtki berdi?
– "Neftchi" jamoasi safiga qo'shilishim uchun ko'plab sabablar mavjud edi. Birinchidan, "Neftchi"ning liga chempioni ekanligi hamda Chempionlar ligasidagi ishtiroki ushbu jamoaga o'tishimga motivaciya berdi. Ko'plab takliflar bo'lishiga qaramay, "Neftchi" menga ko'proq imkoniyatlarni taklif eta oldi va bu tezroq qaror qabul qilishimga yordam berdi.
– "Neftchi"dan taklif tushgan mahal klub haqida qanday ma'lumotlarga ega edingiz?
– Bu erga kelishimdan oldin menda O'zbekiston futboli haqida hech qanday ma'lumot yo'q edi, faqatgina Abduqodir Husanovni tanir edim. Jahon chempionatida O'zbekistonning Portugaliyaga qarshi o'yinini tomosha qilganimdan so'ng va jamoa murabbiyi bilan suhbatlashgach, ko'plab ma'lumotlarga ega bo'ldim. O'zbekistonga kelganimdan so'ng angladimki, bu yerda yuqori saviyadagi jamoalar va futbolchilar juda ko'p.
– "Neftchi" murabbiyi suhbatda nimalar haqida gaplashdingiz?
– Mavsum yakunlanganidan so'ng, agentim "Neftchi" jamoasidan taklif borligini va jamoa murabbiyi shaxsan men bilan suhbatlashmoqchi ekanligini ma'lum qildi. O'sha vaqtda men Dubayda edim va o'zimni juda tushkun holatda his qilayotgandim. Jamoa murabbiyi bilan bog'langanimdan so'ng, u menga o'z taktikasi, yurishlari va jamoaning asosiy maqsadlari haqida so'zlab berdi. Qiyin kechgan mavsumdan so'ng, men bu taklifni o'zim uchun yangi chorlov sifatida qabul qildim va 24 soat ichida unga roziligimni bildirdim.
– O'zbek futboli va debyut golingiz haqida nima deya olasiz?
– Odamlar O'zbekiston ligasini kuchsiz va raqobatsiz deb o'ylashlari mumkin, lekin bu haqiqatdan yiroq. Bu liga haqiqatan ham juda murakkab, shuningdek, yuqori saviyali o'yinchilar to'p tepadigan ko'plab yetakchi jamoalar mavjud. Bu esa liganing rivojlanishiga katta hissa qo'shadi. "Andijon"ga qarshi debyut o'yinimga kelsak, bu uchrashuv men uchun juda murakkab va qiyin kechdi. "Andijon"ga kiritilgan gol juda tez yuz berdi, hatto o'zim ham nima bo'lganini anglay olmay qoldim. Fransiyada ma'lum muddat rasmiy o'yinlarda maydonga tushmaganim sababli jismoniy holatimni tiklashimga to'g'ri keldi va hozirda har bir o'yinda jismoniy jihatdan o'sib borayotganimni his qilmoqdaman.
– Jamoaga tez fursatda qo'shilib keta olganingiz nima bilan bog'liq?
– Men doimo haqiqiy jangchi ekanligimni takrorlab kelganman. Har qanday holatda ham jamoamga yordam berish – mening asosiy maqsadim. "Andijon"ga qarshi kiritgan ilk golim va "Neftchi" safidagi ingliz tilida so'zlashuvchi futbolchilar jamoaga tezroq moslashib ketishimga yordam berishdi. Shu sababli, ushbu jarayonda menga ko'mak bergan har bir insonga o'z tashakkurimni bildiraman.
– Klubdagilar orasida siz kabi quvnoq futbolchilar bormi?
– Jamoadoshlarimga xursandchilik ulasha olganimdan juda mamnunman. Abror Ismoilov hazilkan, Anvar G'afurov va bazida Ikrom – jamoa kayfiyatini ko'tarib turuvchi futbolchilar. Asosan, men va ushbu uch nafar futbolchi jamoada ko'p hazil qilamiz.
– O'zbekiston terma jamoasining o'yinini tomosha qildingizmi, mahalliy jamoadoshlaringizni milliy ligalarda imkoniyatini qanday baholaysiz?
– Ochig'ini aytganda, uchrashuvni uyda, televizor orqali tomosha qildim. Terma jamoangiz yaxshi saviyadagi futbolchilardan tashkil topgan, bundan tashqari, jamoani nomdor murabbiy boshqarmoqda. Futbolchilar salohiyatiga kelsak, jamoadoshlarimning har biri top-chempionatlarda to'p tepish imkoniyati mavjud. Yoshlar esa to'xtab qolmasliklari va har bir imkoniyatdan unumli foydalanishlari zarur.
– "Neftchi" muxlislari haqida fikringiz...
– Bu erga kelishimdan avval jamoaning bir uchrashuvini tomosha qilgan edim. Unda muxlislar o'zlarining ajoyib chiqishlari bilan ajralib turishgandi. Ular meni aeroportda iliq kutib olishdi va men har bir uchrashuvda g'alaba qozonib, ularni xursand qilishga vada beraman. Ularga aytar so'zim shuki, bizni doimo qo'llab-quvvatlashsin va shu ruhda davom etishsin.
Qadrlanmagan sadoqat: "Neftchi"ning yangi legioneri bilan yaqindan tanishamiz



