"Kattaqo'rg'on" bosh murabbiyi Yorqin Nazarov: "Kattaqo'rg'ondagi stadionda katta qurilish ketyapti"

22 apr 2026, 07:55
Proliga 4-turdan o'rin olgan "Kattaqo'rg'on" – "Aral" bahsi 1:1 hisobida yakun topdi. O'yindan keyin "Kattaqo'rg'on" bosh murabbiyi Yorqin Nazarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Bir tomondan yutqazib qo'ymaganimiz uchun xursandmiz, bir tomondan uyda ikki ochko boy berilganidan xafamiz. Qolaversa bugun yetakchi jamoaga qarshi bahs olib bordik, "Aral"da bungacha uchta g'alaba bor edi. Futbol o'ynayapmiz, harakat qilyapmiz, lekin nimadir yetishmayapti.

- Yorqin aka, avvalambor Sizga hamdardlik bildiramiz. Savolga keladigan bo'lsak, "Kattaqo'rg'on" oldiga yuqori maqsadlar qo'yilganini bilamiz. Bu borada ishlar qanday ketyapti?

- Hamdardlik uchun rahmat. Ollohning irodasi, bandasi ojiz, qo'limizdan hech narsa kelmadi. Kattaqo'rg'onda ikkita stadionimiz bor, bittasini PFL qabul qilmadi. Ikkinchisida qishdan beri katta qurilish ketyapti. Shu bois birinchi uy uchrashuvini Toshkentda o'tkazdik. Bugun esa Samarqandda o'z o'yinimizni o'tkazdik. Jamoamiz oldiga Superligaga chiqish vazifasi qo'yilgan, bu borada harakat ketyapti. Endi to'rtinchi turga keldik. hali oldinda o'yinlar ko'p. Nasib qilsa o'z maqsadimizga erishamiz.

- Ikkinchi davrada jamoa o'z o'yinini Kattaqo'rg'onda o'tkazishi mumkinmi?

- Samarqandning har bir hududida futbol muxlislari ko'p. O'z paytida o'zim ham "Dinamo"da o'ynaganimda buni his qilganman. Ishqibozlar har doim ko'p kelgan. Bu borada kattaqo'rg'onlik muxlislar ham bo'sh kelmayapti, bugun ham ko'pchilik bo'lib bizni qo'llab turishdi. To'g'ri aytdingiz, natijaga erishish uchun muxlislarning roli katta. Chunki futbolni muxlislar uchun o'ynaymiz. Aytib o'tganimdek, Kattaqo'rg'ondagi stadionda katta qurilish ketyapti, tayyor bo'lishi bilan shu stadionda uy o'yinlarini o'tkazamiz. Qancha tez tayyor bo'lsa, biz uchun ham shuncha yaxshi.

- To'g'ri aytdingiz, futbolda g'alaba qozonish uchun muxlislar bitta faktor bo'lsa, ikkinchi faktor maydon holati hisoblanadi. Bilamizki, o'yin uslubingiz qisqa paslarga asoslangan. Bu borada Proligadagi maydonlar holati sizga qanchalik yordam beryapti?

- O'zingiz ko'rdingiz, bu stadionda anchadan beri hech kim o'ynamagan. Birinchi taymda to'pni ushlash qiyin bo'ldi. Ikkinchi taymda maydonga moslashib oldik va yerdan o'ynay boshlaganimizdan so'ng vaziyatlar ham bo'ldi, o'yin yanada qiziq kechdi. Umuman olganda Proligada hamma yaxshi stadionlarda o'ynayapti. Masalan, "G'azalkent" uy uchrashuvlarini "Bunyodkor"da o'tkazyapti. "Olimpik Mobiuz" "Jar"da, RFA "Do'stlik"da, vodiy jamoalari ham yaxshi maydonda, "Lochin" klubi ham yaxshi stadionda uy o'yinlarini o'tkazmoqda. Bu esa hammamizni xursand qilyapti. Bir hafta-o'n kun ichida maydonimiz yanayam yaxshi holatda bo'lishiga umid qilamiz.

- Georgiy Pantculaya nima uchun zaxirada qolyapti? Unda jarohat bormi?

- Jarohati yo'q, aksincha avvalgi uchta o'yin asosiy tarkibda maydonga tushdi. Bugun o'yin uslubimiz yoshlarni oldinga qo'yib, shu orqali raqibga pressing qilish edi. Georgiy gol uradigan futbolchi, shu bois ikkinchi taymga asradik. Hali ko'p gollar urib jamoamizga foyda keltiradi.

- Raqibda tarkib borasida muammolar borligini hisobga olganmidingiz?

- Men "Aral" tarkibini ko'rdim, avvalgi uchta o'yinda maydonga tushganlar bugun ham o'ynashdi. Hech qanaqa o'zgarish ko'rmadim. Bizga qarshi "Sho'rtan" ham himoyaviy taktikani tanladik. Bugun "Aral" ham shunday qildi. Demak, ularda o'yin uslubi shunday bo'lsa kerak. Raqibning jarohat olgan o'yinchilari borasida bizda ma'lumot yo'q edi. Hozir hammaga qiyin, har to'rtinchi-beshinchi kunda maydonga tushyapmiz. Balki biz ham keyingi bahsda rotaciya qilarmiz.

- Zaxiradan joy olgan Isak Martins Silva haqida so'ramoqchiman. Undan ko'p narsa kutgandik, lekin nimagadir asosiy tarkib o'yinchisi bo'la olmayapti. Bu nima bilan bog'liq?

- Uning muammosi bitta: juda dangasa. Lekin Isak hali yosh, endi 19ga kirdi. Agar dangasa bo'lmaganida hozir umuman boshqa joyda to'p tepayotgan bo'lardi. U bilan o'ynagan sherigi 20 millionga sotilganini eshitdim. Bu bolaning o'zi dangasa. U kerak bo'lsa Superligamizda eng yaxshi legionerlardan biri bo'la oladi, faqat dangasalikni yig'ishtirib o'z ustida ishlashi kerak. Mashg'ulotlarda harakati bor, texnikasi ham zo'r. Lekin vaqt kerak.


Manba: championat.asia