Karlush Keyrush: "Eronning yo'qotadigan narsasi yo'q"

Xayrulla Xoliqov
25 iyun 2018
Bugun JCH-2018 guruh bosqichi 2-tur bahslari start oladi. Eron terma jamoasi guruhdan chiqish masalasini hal qilish uchun Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi.

Forslar ustozi Karlush Keyrush o'yindan oldingi matbuot anjumanida Eronning yo'qotadigan hech narsasi yo'qligini aytib o'tdi.

"Agar biz ijobiy natijaga erishsak, bu haqiqiy sensaciya bo'ladi. Chunki Portugaliya juda kuchli va ular Yevropaning amaldagi chempioni. Qolaversa, Portugaliya ushbu jahon chempionatida favoritlardan biri sifatida qaralmoqda. Portugaliya hozircha jahon chempioni bo'lmagan, ammo ko'pincha nomzodlar qatorida etirof etilgan".

"Terma jamoa bosh murabbiyi Fernandu Santush ham yaxshi ish olib boryapti. Tarkibida kuchli futbolchilar ko'p. Bu biz uchun nihoyatda qiyin bahs bo'ladi. Ammo men ham o'z jamoamga ishonaman. Raqibga durang kifoya qiladi, bizga esa faqat g'alaba kerak. Shundagina Eron tarixda birinchi marta guruhdan chiqadi".

"Mana ko'rasiz, biz 90 daqiqa kurashamiz. Yo'qotadigan hech narsamiz yo'q. Ha, Portugaliya - mening Vatanim, lekin bu futbol va men qaysi jamoani boshqarib kimga qarshi o'ynamay doim g'alabani o'ylayman", - deya aytib o'tdi Karlush Keyrush.

Ha, bugun Keyrush o'z jamoasini o'zining Vatani termasiga qarshi boshlab tushadi. Lekin bu jahon chempionatlari tarixida birinchi marta ro'y berayotgani yo'q.

- Eron - Portugaliya uchrashuvi JCHlar tarixida murabbiy boshqa jamoani o'z Vataniga qarshi o'ynatadigan 20-uchrashuv bo'ladi. Birinchisi 1938 yil Fransiyada o'tkazilgan mundialda ro'y bergandi. Bunda vengriyalik murabbiy Nagi Shvetsiya termasi ustozi sifatida Vengriyaga 1:5 hisobida yutqazgan.

- Oxirgisi esa 2014 yilgi JCHda yuz bergan. Yurgen Klinsmann boshchiligidagi AQSH terma jamoasi Germaniyaga qarshi o'ynab 0:1 hisobida yutqazgan.

- Shvetsiyalik murabbiy Sven Goran Eriksson esa ikki bor (2002, 2006 yillarda) Angliya terma jamoasi bilan o'z yurtdoshlariga qarshi o'ynagan.

- Hozircha faqat besh nafar murabbiygina o'z Vatani terma jamoasiga qarshi kechgan o'yinlarda g'alaba qozongan. Eng katta shov-shuv fransiyalik Bruno Metsyuga tegishli. JCH-2002da Senegal Fransiyani 1:0 hisobida mag'lub etgani esingizdami? Ana o'shanda senegalliklar ustozi Metsyu edi.

- Shu paytgacha bo'lib o'tgan bunday darajadagi 19ta o'yindan 11tasida ikkinchi jamoa murabbiylari yutqazgan. Masalan, 2006 yilgi JCHda Ziko boshchiligidagi yaponlar Braziliyaga 1:4 hisobida mag'lub bo'lgan.

- Mana endi bugun Eron - Portugaliya bahsi 20-to'qnashuv bo'ladi.


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: the-afc.com