Kamoliddin Murzoev: "Finalda ikki jamoaga ham oson bo'lmaydi"

Narzulla Saydullayev
26 okt 2019
“Paxtakor” va AGMK ishtirokidagi final uchrashuvidan oldin sobiq futbolchi, ayni damda O'zbekiston futbolchilar uyushmasida faoliyat ko'rsatayotgan Kamoliddin Murzoev fikrlarini bildirib o'tdi.

- Ushbu yilgi mamlakat kubogi finalida o'tgan yilgi juftlik, “Paxtakor” va Olmaliq shahri jamoalari o'zaro to'qnash keladi. Shiddatli tus olishi kutilayotgan o'yinda qaysi jamoaning imkoniyatlarini yuqori baholaysiz?
- Holis inson sifatida shuni aytishim mumkinki, bu yil “sherlar” ancha shakllangan. Avvalgi yilga qaraganda barqaror. Klub rahbarlarining o'z oldiga qo'ygan maqsadlari qiyinligiga qaramasdan mexnat qilishda davom etishdi va uning samarasini ko'rishdi. Menimcha Shota Arveladze shogirdlarini imkoniyatlari biroz yuqoriroq. Ammo, olmaliqliklar ham osonlikcha taslim bo'lmasligini taxmin qilaman.

- Mazkur o'yinda ikki jamoa tarkibidagi legionerlar barcha narsani hal qilishlari mumkinmi? Gap Dragan Cheran va Elguja Grigalashvili haqida ketmoqda...

- O'ylashimcha, “Paxtakor”ning barcha chiziqlarida bugungi kundagi eng kuchli xorijlik va mahalliy futbolchilar yig'ilgan. Nafaqat Cheran, balki Masharipov, Sayfiev, Hamrobekov, Hamdamov... Shu nuqtayi nazardan Cheranga osonroq bo'ladi. Final bu – final. U hayotingiz davomida bir marotaba bo'ladi. Ayniqsa, o'rtamiyona klubda to'p tepayotgan bo'lsangiz. O'tgan yili biz bir oila bo'lib, bir yoqadan bosh chiqarib kubogni o'zimizniki qilgan edik. Lekin, legionerlar asosiy qahramon bo'ladi degan fikrdan yiroqdaman.

- Ijtimoiy tarmoqlarda ishqibozlarning bildirgan fikrlariga qanday munosabat bildirasiz? Ertaga muxlislar katta sahnaga chiqishlari aniq...

- Har bir jamoaning sadoqatli va fidoyi jonkuyarlari ko'paysa o'yinning shiddati va zavqi oshaveradi. Futbol muxlislar bilan go'zal.

Abdulaziz suhbatlashdi



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia