Jiddiy ayblov, tuhmat va klub shaniga haqorat – Dinamoning Qo'qon-1912 bosh murabbiyi so'zlari bo'yicha bayonoti

Narzulla Saydullayev
22 may 2023, 10:33
Pro liga 9-turi doirasida 20 may kuni Samarqandda bo'lib o'tgan Dinamo - Qo'qon-1912 uchrashuvidan keyin mehmon jamoa bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinovning matbuot anjumanidagi so'zlariga nisbatan Dinamo PFKning bayonoti:

Qo'qon-1912 bosh murabbiyining so'zlari futbol saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, turli manbalarda Dinamo shaniga nisbatan noto'g'ri qarash paydo bo'ldi. Ayniqsa, Muhsin Nizomiddinovning samarqandlik muxlislar haqidagi nojo'ya so'zlari mahalliy ishqibozlarni junbushga keltirib, 21 may yakshanba kuni bir guruh mahalliy muxlislar Dinamo qarorgohiga kelib, keskin noroziliklarini bildirishdi. Dinamo klubi bu borada quyidagilarni ma'lum qiladi:

1. Dinamo PFK Qo'qon-1912 bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinovning o'yindan keyingi “Dinamo” mavsum davomida hakamlar bilan ishlab kelayotgani” haqidagi so'zlarini jiddiy ayblov va tuhmat, klub shaniga nisbatan haqorat deb hisoblaydi.

2. M.Nizomiddinovning “Dinamo” Pro ligada har bitta jamoani mana shunaqa hakamlik bilan yutyapti” – so'zlari jamoamizga nisbatan isbot talab qiluvchi jiddiy ayblov deb qabul qilindi. Shu bilan birga o'tgan 7 o'yinda Dinamo o'yinlarini boshqargan O'FA hakamlari (Shavkat Nasibullaev, Ilya Ilin, Sanjar Nazarov, Husan Muzaffarov, Vadim Agishev, Sardor Ismatullaev, Abdurashid Xudoyberganov) shaniga dog' tushuruvchi bu so'zlar uchun O'zbekiston futbol hakamlari markazi M.Nizomiddinovdan dalil-isbot talab qilishi yoki o'z hakamlari shanini himoya qilishiga to'g'ri keladi. Har holda o'zini hurmat qilgan tashkilot uning xodimlarini (hakamlar) tamagirlikda ayblayotgan rasmiy shaxsni so'roqqa tutishga haqli. O'zbekiston futbol hakamlari markazi o'yindagi vaziyatlar bo'yicha hakamlar qaroriga nisbatan xulosa berishiga ishonamiz.

3. Qo'qon-1912 bosh murabbiyi o'yindan keyin so'zida davom etarkan “Samarqand menda yaxshi taassurot qoldirmadi. Muxlislarida ham madaniyat yo'q. Ular Qo'qonga borib o'rganishsin” – deya, noroziligini bildirish uchun Dinamo qarorgohiga kelgan samarqandlik muxlislarning junbushga kelishiga va ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar o'rtasida keskin holatga sabab bo'ldi. Hozirgi vaziyatda bunday provokacion chiqishlar qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini baholashni tegishli tashkilot va idoralarning hukmiga qoldiramiz.

4. M.Nizomiddinov matbuot anjumanida gapirarkan, “Mana gollarimizni ko'rib chiqdim, birortasida o'yin qoidasi ham buzilmagan, aybimiz ham yo'q. 3-golimizni (70-daqiqa) ofsayd deb topishdi. Qayerdan olishdi buni? Qani VAR bormidi? Mana hozir videoni qo'yib beraman, ko'rasizlar, butun O'zbekiston ko'rsin golimiz qanday bekor bo'lganini. Andishani otini qo'rqoqqa chiqarishayapti. Bunaqada o'zbek futboli qachon rivojlanadi?”, - deya achchiq ustida kinoyali savol qo'ydi murabbiy.

Shu o'rinda Muhsin Nizomiddinovga xitobimiz shu – andishani otini qo'rqoqqa chiqarayotgan aslida kim? Jamoasi 90-daqiqada ofsayddan gol kiritib, mag'lubiyatdan qutulib qolgan, o'yindan keyin esa PFL komissari, rasmiylar qarshisida asabini jilovlay olmay o'zidan boshqa barchani ayblagan, matbuot anjumanida esa gollari qoida bo'yicha kiritilgani haqida yolg'on gapirgan Qo'qon-1912 bosh murabbiyimi yoki o'yindan tashqari holatdan keyin kiritilgan gol sababli tayyor g'alabani qo'ldan chiqarsa-da, qanot hakamining xatosini inson faktori deya qo'l siltab, aybni o'zidan qidirgan Dinamomi?

Mehmon jamoa murabbiyi o'yindan keyin populistik harakati bilan mezbon jamoa va hakamlar shaniga tuhmat yog'dirgancha jamoasining ketma-ket o'yinlarda ochko yo'qotayotganini xaspo'shlashga urindimi yoxud kimlargadir ishonayotgani uchun bu qadar jiddiy ayblovi jazosiz qolishiga ishondimi, bu – bizga qorong'u.

Dinamo PFK Qo'qon-1912 bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinovning matbuot anjumanidagi Samarqand jamoasi va hakamlar shaniga nisbatan so'zlari, samarqandlik muxlislar haqidagi provokacion javobi bo'yicha video va audio yozuvlar PFL tomonidan o'rganilib, xulosa berilishini, ish O'FA tartib-intizom qo'mitasiga oshirilib, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan adolatli chora ko'rilishiga ishonadi. Dinamo PFK o'z poziciyasi va shanini istalgan minbarda himoya qilishga tayyor.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: "Динамо" матбуот хизмати