Jamoliddin Rahmatullaev Saudiya Arabistoniga qarshi o'yin oldidan: "Natija uchun o'ynaymiz"

Mirjalol Normatov
25 iyun 2023
O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev va jamoa futbolchisi Sherzod Abdulboriev Saudiya Arabistoniga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etishdi.

"Avvalambor ushbu bosqichga yetib kelgan barcha jamoalarni tabriklayman. Chorak final o'yinlari barcha uchun muhim hisoblanadi. Ushbu o'yin Jahon chempionati yo'llanmasini ham taqdim etadi. Shu sababli biz mazkur muhim o'yinda g'alaba uchun harakat qilamiz". 

Futbolchilarga motivaciya berish haqida:

Biz ushbu turnirga juda katta motivaciya bilan kelganmiz. Yigitlarda ishtiyoq juda yuqori. O'yindan o'yinga jamoa har tomonlama rivojlanib bormoqda, ertaga ishtiyoqqa to'lib maydonga tushamiz. Bu futbolchilar bizning kelajagimiz. Aytganimdek, ularning o'sishlari, faoliyatlarida yirik turnirlar katta ahamiyatga ega.

Guruh bosqichi va chorak final o'yinlari:

Guruh bosqichi uchrashuvlari yakunlandi, endi esa bor eʻtiborimizni ertangi bahsga qaratganmiz. Saudiya Arabistoniga qarshi o'yinga boshqacha yondashuv bilan tayyorgarlik ko'rmoqdamiz. Masʻuliyat va sovuqqonlik bilan kerakli natija uchun maydonga tushamiz. 

Sherzod Abdulboriev: "Ertaga muhim uchrashuvda maydonga tushamiz. O'zimizga bo'lgan ishonch bilan g'alabaga erishishni maqsad qilganmiz. Bu borada tayyorgarlik ham olib boryapmiz. Raqibimizni o'rganishda davom etyapmiz".


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: ЎФА матбуот хизмати