

Gap shundaki, B Seriyada odatda 22 jamoa ishtirok etadi. Ammo Italiya futbol federatsiyasi joriy yildan e'tiboran jamoalar sonini 19taga qisqartirishni maqul topgan. Bu esa keng jamoatchilik tomonidan keskin tanqidlarga uchramoqda va muhokamalarga sabab bo'lmoqda.
Bu formatda B Seriyada endilikda har turda 1 jamoa dam olishiga to'g'ri keladi. Shuningdek, pastki tabaqadan qo'shilishi kerak bo'lgan 3 jamoa o'rniga chempionat formatini o'zgartirib, ligani 19 jamoa bilan davom ettirish qaroridan Italiyadagi Futbolchilar Ittifoqi raisi Damyano Tommazi norozi.
- "Qayta-qayta takrorlayman, chempionatni 19 jamoa o'tkazish qaroriga mutlaqo qarshiman. To'g'ri, Italiya futbol federatsiyasi qaror chiqarishdan avval biz bilan maslahatlashdi, fikrimizni so'radi. Ammo meni fikrim o'zgarmaydi. Men bunday formatga qarshiman. Formatni o'zgartirish - Italiya futbol federatsiyasining bizning ustimizdan kulishini anglatadi", - deydi Tommazi.
Italiya Pro Ligasi prezidenti Gabriele Gravina ham format o'zgarishiga mutlaqo qarshilik qilganini ta'kidladi.
- "B Seriyaga chiqqan jamoalarning Italiya futbol federatsiyasiga bergan qaydnomalarini qabul qilmaslik bu kechirib bo'lmas xato. Umid qilamanki, Italiya futbol federatsiyasining bu qarori bo'yicha nazorat organlari kerakli chora ko'rishadi", - dedi Gabriele Gravina.
Italiya B Seriyasining yangi mavsumiga 11 kun qolganida qur'a (bugun) tashlash marosimi o'tkazildi. Ammo haligacha bahs va munozaralar davom etmoqda.



