Iqtidori Ronaldudan kam bo'lmagan Kuarejma haqida

Narzulla Saydullayev
26 may 2019, 09:09
Mukammal texnikasi va noodatiy paslari bilan ajralib turadigan, Jahon futbolida o'z uslubini yarata olgan Rikardu ham Krishtianu Ronaldu, Luish Figudan kam salohiyatga ega emasdi.

Mustang laqabi bilan tanilgan portugaliyalik futbolchi 1983 yil 26 sentyabrda poytaxt Lissabonda tug'ilgan. Karerasini Sporting klubida boshlagan. 2001/2003 yillarda mazkur klub sharafini himoya qildi va jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. 2003 yilda Sportingning ikki yosh futbolchisi Yevropa grandlari e'tiborini tortdi. Nihoyat, mavsum yakunlangach Ronaldu Manchesterga, Kuarejma esa Kataloniyaga yo'l oldi.



Barselona uchun 6 million evroga tushgan futbolchi o'zining debyut bahsini Milanga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida o'tkazdi va yangi jamoasi safidagi ilk golini uradi. Mavsum davomida 21 uchrashuvda (10tasi asosiy tarkibda) maydonga tushirilgan futbolchi faqat 1 gol urishni uddaladi. Portugaliya yashil maydonlarida o'tkazilgan 2004 yilgi qita birinchiligiga chaqirilmagan Rikardu Frank Raykaard boshqaruvidagi Barselonada ortiq o'ynamasligini ma'lum qildi. Natijada, kataloniyaliklar Kuarejmaga 15 million evro qo'shib berish evaziga Portudan Dekuni xarid qilishdi.



Ajdarlar safida 4 mavsum harakatlanib, jamoaning eng asosiy futbolchisiga aylandi. 2005 va 2006 yillar Portugaliyada yil futbolchisi deb topildi, Ammo, terma jamoa murabbiyi Luis Felipe Skolari Rikarduni Germaniyadagi mundialga olib bormadi. Portuda qatorasiga 3 bora mamlakat chempionligini tantana qilgach qita grandlaridan katta takliflar kela boshladi. Chelsi, Liverpul, Inter, Real Madrid, Bavariya qiziqishlari doirasida bo'lgan futbolchi 2008 yil Interga ko'chib o'tdi.



Inter bilan 5 yillik shartnoma tuzib 77-raqam ostida o'ynay boshladi. Debyut uchrashuvida o'z uslubida o'ng qanotdan oyog'ining tashqi tomoni bilan uzoq masofadan yo'llagan zarbasi golga aylandi va mavsumning eng chiroyli goli deb topildi. Ammo, Rikarduning ishlari boshqa yurishmadi. U 2008 yil Oltin o'rindiq mukofotiga loyiq deb topildi.



Mourinyu ishlari yurishmayotgan vatandoshini 2009 yil fevral oyida mavsum yakuniga qadar Chelsiga ijaraga berib yubordi. Londonda Luis Felipe Skolari va uning o'rnini egallagan Guus Xiddink portugalga ishonch bldirishmadi. Kuarejma 5 marta maydonga tushdi, xolos. Luish Figu Inter tark etgach Joze yurtdoshiga yana bir imkoniyat taqdim etdi. Ammo, Rikarduning ishlari umuman o'xshamadi. Shunday bo'lsa ham, u jamoa bilan mavsum so'ngida Chempionlar ligasi bosh sovrinini boshi uzra ko'tardi.


2010 yil Istanbulning Beshiktosh klubi tarkibiga borib qo'shilgan qahramonimiz Istanbul klubidagi 2,5 yillik faoliyati davomida o'zini juda yaxshi his qildi va jamoa muxlislarining yoqimtoyiga aylandi. Rikarduga ispanlarning Atletiko, Sevilya, Malaga, Moskvaning Spartak jamoalari, shuningdek Liverpul qiziqib turgan bir paytda 2013 yil 8 yanvarda Dubayning Al-Ahli klubi tarkibiga borib qo'shildi va bir yil mobaynida ushbu klub sharafini himoya qildi.



2014 yil Portuga qaytib 1,5 yil o'ynadi. Braziliyadagi mundialga taklif etilmadi. 2015 yilning yozida Istanbulga qaytib, yana sobiq jamoasi libosini kiydi. Ikki bor Beshiktosh bilan mamakat chempionligini tantana qildi. 2016 yil Portugaliya terma jamoasi bilan birga Yevropa chempionatida chempion bo'ldi. Aynan Kuarejma Fransiyaga qarshi final uchrashuvida jarohatlangan Ronalduning o'rniga maydonga tushgandi.



Mustang bugungi kunda ham Beshiktoshning yetakchisi hisoblanadi. Beshiktosh esa joriy mavsumni 3-o'rinda yakunladi.



Fahriddin Ro'ziev tayyorladi


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia