

"Lokomotiv" U-21 jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvdan so'ng bekobodliklar ustozi Ilhom Mo'minjonovning fikrlari bilan qiziqdik.
- Yangidan jamoa shakllantirish tayyorgarlik jarayoniga qiyinchiliklar tug'dirmayaptimi?
- Tayyorgarligimiz davom etmoqda. Yanvar oyida jamoani qabul qilib oldik, maqsadimiz Superligaga chiqish. Dastlabki nazorat uchrashuvimizni o'tkazdik, tarkibdagi 70 foiz futbolchilarimiz ko'rikda bo'lib turibdi. Bu uchrashuvda ularning harakatlarini ko'rib oldik. Tarkibga yana tajribali futbolchilarni jalb qilamiz. Oldimizga qo'yilgan vazifa sari intilamiz. Fevral oyida yana 6 ta nazorat uchrashuvimiz bor. Shu o'yinlar orqali jamoani shakllantirishga harakat qilamiz.
- Navbatdagi yig'inda yana qanday nomlarni uchratishimiz mumkin?
- Nomdor o'yinchilar ham ko'rikda bo'lib turibdi. Ayrimlari bilan shartnoma imzolangan. Legionerlardan Bubanya bilan kelishuvga erishilgan. Yana 4 nafar xorijlik futbolchini ko'rib chiqyapmiz.
- 2021 yil "Neftchi"ni Superligaga olib chiqqansiz. Lekin u davrdagi bilan bu yildagi Pro ligada farq bor. Ayniqsa joriy mavsumda jamoalar soni oshyapti va Superliga yo'llanmasi ham ko'p emas...
- Bir necha yillar oldin "Neftchi"ni murabbiylar shtabimiz bilan Superligaga olib chiqqanmiz. Hozir ham Pro liga kuchaymoqda, to'g'ri o'tgan yili ancha sust ko'rindi. Lekin 2026 yilgi Pro liga jiddiyroq bo'ladi. 2021 yil ham 4 ta jamoa kurashgan. Endi esa 10 ta jamoami yoki 12 tami yo'llanma bitta va pley-off bor.
- 2007 yil "Quruvchi"da to'purar bo'lgan yilingizni qanday eslaysiz?
- 20 ta gol bilan to'purar bo'lganman. Hayotimda 8 yil Superligada o'ynagan bo'lsam, oxirgi mavsumimda to'purarlik nasib qilgan. Lekin shungacha 14-15 ta gol bilan mavsumni tugatardim, chunki kuchli hujumchilar bor edi. U davrlar endi tarixda qoldi. Buyog'iga murabbiylikda oldinga intilishimiz kerak.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi



