Ildar Magdeev yana oliy ligaga qaytishi mumkin

Narzulla Saydullayev
12 iyul 2013
O'z vaqtida Paxtakor tarkibida ko'p yillar to'p surgan va bir qator yutuqlarga erishgan Ildar Magdeevni millionlar o'yinidagi futbolchilarning asosiy dushmani bo'lmish, jarohat qiynab yubordi desak mubolag'a bo'lmaydi.

Boshidan qator og'ir jarohatlarni o'tkazgan futbolchi endi sport formasini tiklab, o'zini ko'rsata boshlaganda, yana jarohatga yo'liqmoqda. Ko'p vaqtini maydon tashqarisida, davolanish bilan o'tkazishiga to'g'ri kelgan Ildarning tabiiyki futbolchilik faoliyatida ham keskin pasayish yuzaga keldi. Mamlakatimizdagi turli yoshdagi va milliy terma jamoamizda ko'plab uchrashuvlarnni o'tkazgan futbolchi bugungi kunda Oq-tepa sharafini himoya qilmoqda. Birinchi liga a'zosi bo'lgan ushbu jamoada ham Magdeev o'zini to'liq ko'rsatishga qiynalmoqda. Sababi bu yil ham jarohat 29 yoshli futbolchini qiynadi. Oq-tepaning oxirgi turlarda o'tkazgan bahslarida Ildar Magdeevni uchratmadik. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko'ra, futbolchi ayni paytdagi jamoasi bilan xayrlashishni o'ylab turibdi.

Magdeevga oliy liganing bir ikkita jamoalaridan chorlovlar bo'layotgani xususida ham ma'lumotlar bor. Shuning uchun futbolchi ikkinchi davrani oliy ligada o'tkazishni maqsad qilgan bo'lsa ajab emas.

Islombek Rustambekov.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia