

Championat.asia sayti ma'lumotiga ko'ra, ikkinchi davradan e'tiboran katta ehtimol bilan vodiydagi Superliga o'yinlari PFL xarid qilgan kameralar yordamida teletranslyatsiya qilinadi.
Ayni vaqtda professional kameralar soni 4 ta bo'lib, tez orada 2 ta yana kamera yetib keladi.
PFL, shuningdek, O'zbekistondagi mavjud bo'lgan 4 ta VAR texnikasining (3 tasi O'zFHMda va 1 tasi Termizda) har biriga 2 tadan umumiy 8 ta kamera sotib olgan. Mazkur kameralar mavsum davomida VAR texnikasi bilan yonma-yon yuradi. Shundan kelib chiqilsa, tez orada vodiydagi futbol uchrashuvlari umumiy hisobda 8 ta kamera orqali efirga chiqarilishi mumkin. Bunga qadar MTRK aksar o'yinlar uchun 4 ta kamera jalb qilayotgandi.
Shuningdek, ayni vaqtda Urganchdagi stadionga ham VAR texnikasi o'rnatilgan bo'lib, PFL uning yoniga ham qo'shimcha 2 ta kamera sotib oladi.
Ma'lumot uchun, Qarshi va G'uzordagi futbol uchrashuvlari "Nasaf" futbol klubiga tegishli kameralar yordamida teletranslyatsiya qilinadi. "Nasaf" va PFL o'zaro hamkorlikda MTRK uchun tayyor signal taqdim etib kelmoqda.



