Husniddin Nishonov: "Erondan revansh olish uchun yana imkoniyatimiz bo'ladi"

Iskandarov Abdulaziz
30 apr 2024
So'nggi 10 yillikda O'zbekiston futzal terma jamoasini xalqaro arenalarda muntazam ravishda sovrindorlar safidan joy olishi odatiy holga aylandi.

Lekin har bir musobaqaning o'ziga yarasha qadri, zavqi bor. Xususan, bu safargi qita turnirida vakillarimiz iroda ko'rsata olishini, Eron kabi kuchli raqibdan qo'rqmasdan o'ynashini isbotlashdi. Terma jamoa a'zosi Husniddin Nishonov ham fikrlarimizga qo'shilgan holda o'z taassurotlari bilan bo'lishdi. 

"Osiyo kubogi biz uchun yaxshi o'tdi. Munosib ishtirok etdik. Jamoadoshlarim bilan birlashib ayta olamanki, biz mag'lubiyatsiz shu darajaga yetib keldik. To'g'ri, Eronga penaltilar seriyasida yutqazdik. Lekin 40 daqiqa davomida borimizni berdik. Eron bilan yana revanshimiz bo'ladi. CAFA turnirida forslarga qarshi o'ynaymiz. 

Murabbiyimiz Venansio Lopesning ko'rsatmalarini bajarishga harakat qildik. Ko'rdinglar, o'yinimiz o'zgargan. Nasib qilsa, bundan ham yaxshi o'yin ko'rsatamiz. Jarohatlarga kelsak, albatta oz bo'lsada o'z ta’sirini o'tkazdi. Men qo'limdan kelgancha jamoadoshlarimga yordam berishga intildim",- deydi Husniddin Nishonov. 


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia