Hojimat Erkinov: "Jikiya tomonidan menga nisbatan qoida buzish bor edi"

Sherzod Nurmatov
21 noya 2022
O'zbekiston – Rossiya (0:0) uchrashuvidan so'ng termamiz yarim himoyachisi Hojimat Erkinov fikrlarini bildirdi.

- Kuchli jamoaga qarshi o'yin haqida fikrlaringiz qanday?

- O'yin teng bo'ldi deb o'ylayman. Ko'p kurashlar bo'ldi, faqatgina gol etishmadi. Agar gollar bo'lganda, o'yin yorqinroq ko'rinardi.

- O'yin qo'proq maydon markazida kechdi, ikki jamoa ham to'p bilan asosan maydon o'rtasida harakat qildi. O'yinda havfli vaziyatlar ham kam bo'ldi. Buning sababi nimada?

- Rossiya terma jamoasi o'yinni beshta himoyachi bilan boshladi. Shuning  uchun ko'p kurashishga to'g'ri keldi. Raqiblarga ko'p vaziyat yaratishga yo'l qo'ymadik, bizda ham vaziyatlar kam bo'ldi. Fikrimcha, hech bir jihatda raqibga yutqazmadik. Fakatgina gollar etishmadi.

- Rossiya terma jamoasi himoyachilari ancha tajribali. Ular ishonchli o'yin namoyish etishdi. Raqiblar himoyasi bizning hujum chizig'imizga qanchalik qiyinchilik tug'dirdi?

- Zamonaviy futbolda yaxshi himoya chizig'i har bir kuchli terma jamoada mavjud. Rossiya terma jamoasida nafaqat himoyada, balki har bir chiziqda kuchli o'yinchilari bor. Rossiya ancha kuchli raqib deb o'ylayman.



- Georgiy Jikiya sizni yiqitgan vaziyatda, fol bormidi?

-Ha, 90 foiz fol bor edi. Hali vaziyat takrorini ko'rmadim, lekin qoida buzish bor edi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia