Haydarov “Dinamo”ga sobiq shogirdlarini taklif etmoqda

Narzulla Saydullayev
18 iyul 2013
Ravshan Haydarov boshqaruvidagi “Dinamo” jamoasi ham ayni paytda o'z qarorgohida yig'in o'tkazmoqda.
Oraliq tanaffusdan unumli foydalanish maqsadida bosh murabbiy tarkibni kuchaytirish ishlarini boshlab yuborgan. Xususan klub matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, samarqandliklarning mashg'ulotlariga kuni-kecha ikki himoyachi Alisher Samatov va Avaz Agaliev kelib qo'shilishgan. Xabaringiz bo'lsa kerak, bu futbolchilar birinchi davrani "Qizilqum"da o'tkazishgandi. O'shanda ularni jamoaga Ravshan Haydarov jalb etgan. Ko'rinib turibdiki, Samatov va Agaliev yana Haydarov qo'li ostida o'ynashga yaqin turibdi. Faqat bu safar "Dinamo"da.

Aytish kerakki, bundan avval "Paxtakor"dan Ildar Mamatkazin va "Neftchi" bilan xayrashishga ulgurgan Oybek Nurboev "Dinamo" yig'iniga kelib qo'shilishgandi. E'tiborlisi bu futbolchilarning ikkisi ham himoyachi sanaladi. Xulosa o'rnida aytish mumkinki, murabbiylar shtabi ikkinchi davraga mudofaa chizig'ini jiddiy tarzda kuchaytirishni maqsad qilgan ko'rinadi.

“Dinamo” bugun Samarqandda birinchi liga vakili “Sherdor” bilan sinov-nazorat bahsini o'tkazishi rejalashtirilgan. Jamoa o'z qarorgohida 19 iyulga qadar bo'ladi va 20 iyuldan yig'inni Toshkentda o'tkazish ko'zda tutilgan.

Jamoadan ketganlar haqida esa hozircha birgina Aleksandr Kleckovni aytish mumkin. Mahoratli himoyachining yaqindagina Turkiya birinchi ligasi ishtirokchisi “Orduspor”ga o'tganidan xabaringiz bo'lsa kerak.


Islombek Rustambekov

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia