

O'tgan mavsumda "Madrid" pley-offning birinchi bosqichida ikkita g'alabaga erishib (3:2, 3:1), "Siti"ni musobaqadan chiqarib yuborgan edi. "Qaymoqranglilar" hujumchisi Kilian Mbappe oyog'idagi og'riq sabab chorshanba kungi bahsda ishtirok etmasligi mumkin, hujumchi jamoaning umumiy guruhida shug'ullanmadi.
– Mbappening yo'qligi sizni xotirjam qilyaptimi? O'tgan yildan keyin o'ch olish istagi bormi?
– Men Mbappesiz "Real"ga qarshi ko'p marta o'ynaganman va ularda doim ajoyib tarkib bo'lgan. Biz ularga emas, o'zimizga e'tibor qaratishimiz kerak. Men "Real"ga qarshi ko'p marta o'ynaganman, yutganman va yutqazganman. Ammo "qasos" – men ishlatishni yaxshi ko'radigan so'z emas.
Ertangi o'yin – biz uchun yaxshi sinov va biz jiddiy tayyorgarlik ko'rmoqchimiz, chunki bu juda muhim va qiziqarli chorlov.
– Agar Mbappe maydonda bo'lmasa, ko'p narsa o'zgaradimi?
– Yo'q. Mbappe – o'zgacha futbolchi, agar u "Real" safida bo'lsa, bu jamoa uchun yaxshiroq bo'ladi. Ammo bo'lmasa, Vinisius yoki Rodrigo bor... Ularda juda yaxshi futbolchilar jamlangan. Kim o'ynashidan qati nazar, bizga qiyin bo'ladi. Biz ularning xarakterini, ushbu stadionda o'ynash qanchalik og'ir ekanini bilamiz.
– Hozir "Bernabeu"ga kelish uchun eng yaxshi vaqtmi?
– Menda bu savolga javob yo'q, chunki o'z tajribamdan kelib chiqib aytsam, "Real"ga qarshi o'ynash har doim qiyin. "Siti"ga kelganimdan beri ularga qarshi besh yoki olti marta o'ynadim va har doim qiyin bo'lgan.
Ayniqsa, jamoaning sport formasi katta ahamiyatga ega bo'lmagan ushbu turnirda. Chunki bu futbolchilar muhim o'yinlarda o'z o'yin darajasini oshirishadi. Men "Real"dan ajoyib o'yin kutyapman va bu erda o'ynash qanchalik qiyinligini shaxsiy tajribamdan bilaman.
– Hozirgi "Real" o'tgan mavsumdagisidan nimasi bilan kuchliroq?
– To'g'risini aytsam, men bu mavsumda "Real"ning ko'p o'yinlarini ko'rganim yo'q. Biladiganlarim shu hafta davomida ko'rganlarimizga asoslangan. Ular ko'proq pressing qilmoqda, yakkama-yakka o'ynamoqda. Ertaga ular shunday qilishadimi yoki yo'q, bilmayman.
Lekin shuni aniq bilamanki, ushbu stadionda o'ynash har doim og'ir. Va bu qiziqarli uchrashuv bo'ladi, – dedi Gvardiola.



