Futzal. Koronavirus sabab qoldirilgan Osiyo chempionati qachon o'tkazilishi ma'lum bo'ldi

Tolibjon Qosimov
12 mar 2020
Xabaringiz bor, shu yilning 26 fevralidan 8 martiga qadar Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida futzal bo'yicha Osiyo chempionati-2020 bahslari bo'lib o'tishi lozim edi.

Afsuski, Xitoyda tarqalgan Koronavirus sabab musobaqa noma'lum muddatga qoldirilgani haqida 3 fevral kuni xabar berilgandi.

Koronavirus sabab futzal bo'yicha Osiyo chempionati noma'lum muddatga qoldirildi

O'zbekistonlik taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbaev o'zining telegram kanalida musobaqa qachon o'tishi ma'lum bo'lgani haqida yozdi. Unga ko'ra, futzal bo'yicha Osiyo chempionati 5-16 avgust kunlari bo'lib o'tadi. Bundan maqsad, shu yilning 12 sentyabridan 4 oktyabriga qadar Litvada o'tkaziladigan Jahon chempionati yo'llanmalarini aniqlashtirish.

O'z navbatida futzal bo'yicha Klublar o'rtasidagi Osiyo chempionati ham 2-13 dekabr sanalariga ko'chirildi.

"Har ikkala musobaqaning bo'lib o'tadigan sanalari rasman OFKning futzal va plyaj futboli qo'mitasi, keyin Ijroqo'm tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bular barchasi rasmiyatchilik", - deyiladi Nikimbaev kanalida.

Eslatib o'tamiz, Osiyo chempionatida 16 terma jamoa 4 guruhga bo'lingan holda g'oliblik uchun kurash olib boradi. Bahodir Ahmedov boshchiligidagi O'zbekiston MTJ "C" guruhida Bahrayn, Xitoy hamda Indoneziyaga qarshi bahs olib boradi.


Qitaning eng kuchli 5 jamoasi Litvada bo'lib o'tadigan to'qqizinchi mundialga yo'llanmani qo'lga kiritadi.


Osiyo chempionati qoldirilgani sabab futzal bo'yicha O'zbekiston MTJ yig'inni yakunladi


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia