Futbol o'ynashni bilmay turib superklub safiga o'tish mumkinmi? “Milan”ning eng g'alati legioneri xaqida

Omonjon To`xtamirzayev
30 okt 2013
Gollandiyalik bu himoyachi “Milan” safida roppa-rosa besh daqiqa harakat qilgan va klub tarixidagi eng g'alati legioner hisoblanadi.

Avval boshidan ogohlantirib qo'yaman, bu voqea - omad, futbol xudosi yoki lotoreyaning baxtli chiptasi xaqida emas. Bu erda hammasi ancha oddiy. 

Agarda hayotdagi ishlaringiz yurishmay, xech bir xarakatingiz o'z samarasini bermasa, o'zingizni qo'lga oling, asabiylashmang. Hotirjam bo'lishga xarakat qiling va shunchaki mobil telefoningizni qo'lingizga oling (telefon raqamlar yozib qo'yilgan daftarcha ham bo'ladi). Ro'yxatni bir boshidan qarab chiqing, balki sizga yordami tegadigan, hayotingizni o'zgartirib yubora oladigan odamni aynan o'sha erdan toparsiz.
Mayli, bu Xarvi Esayasning birinchi maslahati bo'la qolsin.

Demak, “Milan”ga borish uchun nimalar kerak bo'ladi:

1.  Ma'lumotli (hech bo'lmasa o'rta) bo'lishingiz kerak
Asli kelib chiqishi Surinamlik golland – bu Xarvi Esayasni ikki og'iz so'z bilan tanishtirish uchun etarli. Ammo mashxur “Ayaks” futbol maktabiga kirish uchun buning o'zi kamlik qilsa kerak. Shunday bo'lsa ham, Xarvi Esayas yevropaning eng yaxshi futbol maktablaridan biri hisoblanuvchi akademiya o'quvchilari qatoriga kira oldi va uni himoyada o'ynatishni maqul ko'rishdi. Xarvi bilan bir vaqtda futbol maktabida dunyo futbolining bo'lajak yulduzlari: Patrik Klyuyvert Edgar Davids, Andre Ooyer, Mixael Rayciger va Klarens Zeedorf  futbol sirlarini o'rganishni boshlagandilar. Shunday ekan, do'stlar va ularning telefon raqamlarini Xarvi yozib olgandi.

“Ayaks” maktabi bilan u juda tez hayrlashishga majbur bo'lgan va futbol maktabining so'nggi bosqichini Belgiyaning “Anderlext” jamoasida tugatgan. Undan keyin esa birinchi professional shartnomasini – Gollandiyaning “Feyenord” jamoasi bilan tuzdi.

2.  Ish daftarida ma'lumotingiz bo'lishi

Professional faoliyatini o'zining qadrdon Rotterdamida yosh va qiziqqon Esayas juda qattiq boshladi. Mavsumoldi o'yinida u Ronald Sxoutenning yuzi yorilishiga sababchi bo'ldi. Bundan so'ng, xuddi atayin uyushturgandek professional faoliyatidagi birinchi golini “Ayaks” darvozasiga uradi.
Ammo, iqtidorli, kelajagi porloq yarim himoyachining undan keyingi faoliyati oppoq varoqni eslatib yuboradi . Uch yil davomida “Feyenord” safida bor yo'g'i sakkiz uchrashuv o'tkazdi va erkin agent sifatida jamoani tark etadi.

Futbolchining keyingi jamoasi “Groningen” bo'ldi. Himoyachi bu jamoa safida to'qqiz bor maydonga tushdi, lekin birinchi mavsumdan keyinoq, bu erdan ham ketdi. Keyingi nuqta “Kambuur” jamoasi bo'ldi. Ushbu jamoada Xarvi umuman maydonga tushirilmadi.

Yana ishsiz qolgan himoyachini “Dordrext” o'z safiga qo'shib oldi. Lekin bu safar ham futbolchining ishlari qovushmadi, buning ustiga u vaqt o'tgani sayin semirib borardi. Shunda Xarvi Gollandiya klublari bilan xayrlashishga qaror qildi.
U Ispaniyaga, “Kastiliya” safiga borib qo'shildi. Lekin... Raul Bravo, Sesar Navas, Miniyambrasdek himoyachilari bor jamoaning asosiy tarkibi tugul, zaxirasida ham Esayasga joy topilmadi. U yana adashdi. “Samoru” va “Mostoles” jamolarida o'tgan ikki yilda ham aytarli natijalar bo'lmadi. O'n bir uchrashuv va oyog'idan orttirilgan jaroxat yodda qoldi xolos. Esayas xammasini o'z xolicha tashlab, faoliyatini yakunlashga qaror qildi. 
 
3.  Qiyin vaziyatlarda ham yashashga bo'lgan intilish.
Xarvining futbolsiz hayoti juda og'ir o'tardi. Lekin shunda ham ko'chalarda “daydi” bo'ltb yurmadi, jamoat transportlarida o'g'rilik qilmadi. U insofli va oriyatli yigit singari ish topdi. Qandaydir bir kichik tamaddixonada idish-tovoq yuvuvchi bo'lib ishga kirdi. Bir oz vaqt o'tganidan so'ng, u ko'chma cirkda oddiy, qora ishchi bo'lib ish boshladi. Keyinroq, u o'sha cirk xodimi sifatida katta saxnaga chiqadigan ham bo'ldi. Gap-so'zlarga qaraganda uni bazan noqonuniy ko'cha janglarida ham uchratish mumkin bo'lgan.
Sekin asta Xarvining ishlari yurisha boshladi. Ma'lum vaqt u antikvar buyumlar do'koni va Samoruning Portugaliya bilan chegarasiga yaqin joydagi tungi klubga xo'jayinlik qildi. U barcha ishga birdan kirishardi.

Shu tariqa uch yil o'tdi. Bu vaqt davomida Esayes biror marta ham futbol to'pini tepgani yo'q va o'z formasini butunlay yo'qotdi.

4.  Sodiq va mashhur do'st
Kunlarning birida Xarvi o'zining eski tanishi Klarens Zeedorf bilan telefon orqali suhbatlashadi. Hech nima ko'zlanmagan bu qo'ng'iroq kutilmagan holatga sabab bo'ladi. Klarens do'stiga ““Milan” safida o'ynashni hohlaysanmi?”, - deganda Xarvining yuragi qinidan chiqib ketay degandek bo'ladi. Albatta u buni hohlardi.

Qandaydir yo'l bilan Klarens Adriano Galliani va Karlo Anchelottini Esaey uchun ko'rik tashkil etishga ko'ndiradi. “”Ayaks” safida u mendan kuchli o'yin ko'rsatardi, xozir esa uni mutlaqo bepul olishimiz mukin”, - deya klub rahbarlarini ko'ndirishga erishadi Klarens. Buni telbalik dersiz, lekin 29 yoshli, vazni yuz kilogramdan oshiq bo'lgan, cirk xodimi “Milan” klubiga taklif etiladi.

Qo'polroq qilib aytganda Klarens bolalikdagi do'sti uchun ish beruvchiga yolg'on gapiradi.

5.  Bardosh, kuch, xoxish
Xarvining imkoniyatlarini o'rganib chiqqan klub murabbiylari: “Bu yigitning iqtidori bor, xozirgi holatida u sportchidan ko'ra, ko'proq gorillani yodga solmoqda”, - degan fikr bildiradilar. Uni Milanda olib qolishadi. Olti oyga mo'ljallangan sinov vaqti yakuniga qadar, u o'zining jangovar sport formasini tiklab ulgurishi zarur edi.

Esayes shaxsiy ruhshunos yollaydi va maxsus dastur bo'yicha tayyorlana boshlaydi. Bu tayyorgarlik xuddi “do'zox azobi”ga o'xshab ketardi. Mutaxassis Xarvining ruxiy holatini nazorat qilib turishi zarur edi. Axir olti oyda to'lachadan kelgan cirk xodimidan, baquvvat sportchiga aylanish har kimning ham qo'lidan kelavermaydi.

Har kuni tonggi ettida uyqudan turgan Xarvining birinchi ishi yugurish edi. Qaytib kelgach nonushta qilar va yana yugurish yo'lakchasida (begovaya dorojka) shug'ullanardi. Bundan so'ng – trenajor zali, fitnes va shunga o'xshash narsalar... Faqatgina kechki o'nlarda u mashqlardan bo'shar va odatda shu zaxotiyoq krovatiga holsiz yiqilardi. Ruhshunos uning organizmi ortiq dosh berolmasligini aytadi, lekin Xarvi o'z ustida ishlashda davom etadi. Keyinchalik aytishicha, u o'zini yana o'sha tashlandiq joylarga qaytmaslik uchun ham majburlagan ekan. Bu davr oralig'ida tabiiyki “Milan” unga hech qanday maosh to'lamagan. 

Oradan uch oy o'tib, Xarvi o'n besh kilogrammga ozishga va o'zini nisbatan yaxshi sport formasiga keltirishga erishadi. Shundan so'ng, o'sha uzoq kutilgan mo'jiza ro'y beradi va “Milan” futbolchiga bir yillik shartnoma taklif qiladi. 
 
6.  Vaziyatdan foydalanib qolish va bundan roxatlanish!
Xarvi Esayas “Milan”da 2004/05 yilgi mavsumni o'tkazadi. Unga odatda zahiraning eng so'nggi o'yinchisi va o'yinni kuchaytira olmaydigan futbolchi sifatida qaralardi. Lekin 2005 yilning yanvar oyida futbolchining tinmay qilgan harakatlari va intilishi mukofotlandi. “Palermo”ga qarshi bo'lgan kubok bahsida Xarvi Massimo Ambrozinini uchrashuv tugashiga besh daqiqa qolganida almashtiradi. Shu besh daqiqa uchun futbolchi besh oy davomida tinmay mehnat qildi.

O'ziga ajratilgan vaqtda himoyachi to'pga bir necha bor tegdi xolos. Lekin shu xarakatlarning har biri muxlislar tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi. Xarvi qanotdan raqiblarni aldab o'tib, to'pni jarima maydonidagi Yon Dal Tomassonga oshirganida (xujumchi gol urishiga bir bahiya qoldi) esa butun stadion larzaga keldi. Shu tariqa Xarvi o'ziga va boshqalarga - futbol o'ynay olishini isbotlab berdi. “Milan” oxirgi “sovg'a”ni mvsum oxirida qildi va futbolchini Chempionlar Ligasi final uchrashuviga olib ketdi. Afsuski, o'sha tarixiy finalda italiyaliklar mag'lubiyatga uchrashdi. 
 
Yozda Xarvi “Milan”ni tark etdi va ikki yil mobayynida Italiyaning quyi divizionlarida faoliyatini davom ettirdi. Shundan so'ng, u faliyatini yakunladi. Endi butunlay. “Milan” uchun Xarvi oddiy bir molekula, lekin Xarvi uchun “Milan” o'sha olti oy davomida hayoti mazmuniga aylan klub edi. Uning klub tarixidagi izi yo'q bo'lib ketgan, lekin u xaqidagi hikoya unutilmaydi. Aslida voqea u xaqida ham emas, balki do'stlik haqida. Bolalikda boshlanib, hech qachon yo'qolmaydigan do'stlik haqida.

“Biz Xarvi uchun imkoniyat qidirayotganimizda, “Milan” bizga yordam berdi. Buning uchun klub rahbarlari va murabbiylarga tashakkur bildiraman. U xaqda aytganlarim avvaliga shunchaki gap edi, uni hech kim tanimas edi. Lekin jamoadagilar mening gaplarimga ishonishdi. Men uchun bularning hammasi – unutilmas voqea va tuyg'ulardir. Bu hayotga va futbolga taalluqli bo'lgan ajoyib bir voqea. U sizga bir narsani o'rgatadi – inson hech qachon orzu qilishdan to'xtamasligi kerak”, - deydi Klarens Zeedorf.

Muallif: Aleksandr Skvorcov

Ruschadan Omonjon To'xtamirzaev tarjimasi


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: sports.ru