Fevzi Davletov: "Behruz Karimov tezligi va driblingi evaziga yarim himoyada yaxshiroq o'ynamoqda"

Narzulla Saydullayev
2 noya 2025
Superliganing 27-turidan o'rin olgan "Neftchi" - "Surxon" (2:1) uchrashuvidan keyin mehmonlar ustozi Fevzi Davletov o'z fikrlarini bildirib o'tdi.


"Birinchi taymda imkon qadar himoyada yaxshi o'ynashga urindik. Ammo himoyachimiz sirg'anib ketgan vaziyatdan keyin gol qo'yib yubordik. Tanaffusda yigitlarga tanbeh berdik, o'zgarishlarni amalga oshirdik. Ikkinchi taym boshini yomon boshladik va ikkinchi golni o'tkazib yubordik. Aslida birinchi taymdek harakat qilishimiz kerak edi. Ammo ikkinchi gol bizga ta’sir qildi va hujumga o'tishga majbur bo'ldik. Gol urib o'yinga qaytdik. Bahs oxirida "Neftchi" bizga hujumda yaxshiroq o'ynashga imkon bermadi. Vaziyatlardan foydalanishda oqsadik", - dedi Fevzi Davletov.

- "Neftchi" bugungi g'alabadan keyin peshqadam bo'lib oldi. Uning chempionlik poygasidagi imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Hozir "Neftchi" ustozi Vitaliy Levchenko keladi va menimcha, bu savolni unga bergangingiz to'g'ri.

- Ikkinchi o'tkazilgan gol hujumda Asilbek Jumaevning to'p yo'qotishidan keyin sodir bo'ldi. O'sha vaziyatda darhol reakciya qildingiz. Jumaevning o'yiniga qanday baho berasiz, unda charchoq alomatlari kuzatilmayaptimi?

- Nodirxon Nematjonov shunchaki o'sha vaziyatda vertikal o'ynashi kerak edi. Pozicion hujumda esa Jumaev ishonli o'ynashi lozim edi. Bunday jamoaga qarshi hujum paytida to'p yo'qotish albatta jazolanadi. Shu sabab bu golni chuqur tahlil qilish kerak.

- Behruz Karimov oxirgi turlarda qanot vingeri sifatida o'ynamoqda va gollar urmoqda...

- Menimcha aynan vinger poziciyasida u o'zin qulay his qilmoqda. Himoyada xatolari bor, pozicion noto'g'ri o'ynamoqda. Oldinroqda esa o'zining tezligi va driblingi evaziga juda yaxshi o'ynamoqda.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia