

Biz esa SSKA safida Fayzullaevdan avval to'p tepgan O'zbekistonliklar haqida ma'lumot beramiz.
Yuriy Pshenichnikov (1968-1971 yillar)
"Paxtakor" va SSKA safida faoliyat yuritgan, afsonaviy darvozabon 1940 yil 2 iyunda Toshkentda tug'ilgan. 1960 yillarda "Paxtakor" safida to'p tepgan va keyinchalik SSKAga o'tgan Yuriy Pavlovich, tarixda eng kuchlilardan biri deb tan olinadigan afsonaviy darvozabon Lev Yashin bilan birga SSSR terma jamoasida birga o'ynagan. "Paxtakor" jamoasida 1960-1967 yillarda faoliyat yuritgan darvozabon, 1968 yilgi mavsumda SSKA safiga ko'chib o'tadi. "Armiyachilar" darvozasini uch mavsum himoya qilgan Yuriy Pavlovich, jami 66 uchrashuvda ishtirok etib o'z darvozasidan bor yo'g'i 44ta gol o'tkazib yuborgan. Pshenichnikov Moskvaning SSKA klubi bilan 1970 yilgi mavsumda SSSR chempioniga aylangan, 1968 yil SSSRning eng yaxshi darvozaboni deb tan olingan. 1972 yili esa "Paxtakor"da o'ynovchi murabbiy sifatida SSSR birinchi ligasida g'olib bo'ldi. SSSR terma jamoasi safida 19ta uchrashuvda ishtirok etgan Yuriy Pavlovich, og'ir jarohat tufayli faoliyatini erta tugatishga majbur bo'lgan. U 1969 yili o'ng qo'lini jarohatlab oldi. Shifokorlar uning qo'liga platinali plastina qo'yishdi. Jarohat tufayli, u 1970 yili Meksikada bo'lib o'tgan jahon chempionatini o'tkazib yuboradi. SSSR chempionatining oliy ligasida jami 243 o'yin o'tkazgan Yuriy Pavlovich, 2006 yili O'zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan.

Birodar Abduraimov (1969 - 1970)
Sobiq Ittifoq futboli yulduzi, o'zbek futbolining 20-asrdagi eng yaxshi futbolchisi Birodar Abduraimov faoliyatini 1969 yil oxirlarida SSKA bilan bog'laydi. Birodar Hasanovich moskvaliklar tarkibida 38ta uchrashuvda maydonga tushgan va 8ta gol urgan.
Ulug'bek Bakaev (2001 yil)
Professional futbolchilik faoliyatini "Buxoro" klubida boshlagan Bakaev. 2001 yili SSKA safiga qo'shiladi. SSKA safida bor yo'g'i bir mavsum o'ynagan Bakaev, "armiyachilar" safida bor yo'g'i 7ta uchrashuvda maydonga tushgan.

Aleksandr Geynrix (2003-2004 yillar)
2003-2004 yillarda SSKA safida faoliyat olib borgan hamyurtimiz. Aleksandr Geynrix ham "harbiylar" safida ko'p hurmat qozonmagan. Odatda muxlislar olqishiga sazovor bo'lgan har qanday futbolchiga xorij jamoalaridan "sovchilar" kela boshlaydi. Albatta Sasha ham bundan mustasno emas edi. Bir qator jamoalar orasidan “Paxtakor” rahbarlari va futbolchi Moskvaning SSKA jamoasini tanlaydi va shu tariqa Geynrix "harbiylar"ning yangi a'zosiga aylanadi. Takidlash kerakki moskvaliklar tarkibida raqobat o'sha vaqtlarda o'ta kuchli edi. Vagner Lav, Irji Yaroshik, Ivica Olich kabi futbolchilar orasidan asosiy tarkibga kirish oson emas edi. Ustiga-ustak murabbiy Valeriy Gazzaevning hamyurtimizga unchalik ishonmagani oqibatida Aleksandr keyingi ikki yilni asosan zaxira o'rindig'ida o'tkazishga majbur bo'ladi. Shu sababdan Sasha SSKA safida bor yo'g'i ikkita uchrashuvda maydonga tushadi va bitta gol uradi. Shuningdek, Sasha SSKA safida 2003 yili Rossiya chempionatida g'olib bo'lgan.

Davron Fayziev (2000-2001)
Fayziev futbolchilik faoliyatini 1993 yil "So'g'diyona"da boshlagan . 2000 yili Samarqandning "Dinamo" jamoasidan SSKA safiga quchib o'tadi va 2000-2001 yillar davomida, "armiyachilar" safini himoya qiladi. Himoya chizig'ida raqobat kuchliligiga qaramay, Davron Fayziev Moskva klubi safida 23ta uchrashuvda ishtirok etgan va 2002 yili SSKAdan, Vladikavkazning "Alaniya"ga jamoasiga o'tadi.

Vitaliy Denisov (2003-2006 yillar)
Denisovlar sulolasining yana bir vakili Vitaliy Denisov, "Paxtakor" BO'SM tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Keyinchalik Moskvaning "Akademika" klubiga ko'chib o'tgan Vitaliy, SSKA safiga taklif etilgan edi. "Armiyachilar"ning eng gullagan davrida Denisov zaxira futbolchisi bo'lgan, lekin shunga qaramasdan Vitaliy SSKA safida ikki karra Rossiya kubogi(2004/2005, 2005/2006) sohibiga aylangan va UEFA kubogida g'olib bo'lgan (2004/2005). SSKAda o'yin amaliyotiga ega bo'lmagani sabab, Vitaliy 2006 yili Nijniy Novgorodning "Spartak" jamoasiga ijara asosida o'tadi va bir mavsum davomida 36ta uchrashuvda maydonga tushadi. Keyinchalik Moskvaning "Lokomotiv" jamoasida bir necha mavsum to'p tepgan Denisov, "temiryo'lchilar"ning afsonasi hisoblanadi.

Yuqoridagi nomlardan tashqari Oleg Burov (1984), Vyacheslav Soloho (1969-1970), Gennadiy Denisov (1986) ham "armiyachilar" safida ma'lum vaqt to'p tepgan.
Abdulvosit Bektemirov



