Fantastik to'rtlik

Omonjon To`xtamirzayev
26 fev 2026
Yevropada ishsiz yurgan yaqin o'tmishning yorqin yulduzlari haqida gaplashamiz.

Chempionlar Ligasi tarixiy finalida gol urgan futbolchi, Evro-2020 yulduzi va Arsenalning unutilgan iqtidori.

Qishki transfer oynasi ham ortda qoldi va qator kelishuvlar amalga oshirildi. Kimlardir klubida qoldi, boshqalar o'ziga yangi jamoa topdi. Biroq erkin agent sifatida qolib ketgan yaqin o'tmishning yorqin yulduzlari ham borligi kishi e'tiborini tortadi.


Jessi Lingard

Manchester Yunayted tarbiyalanuvchisi oxirgi ikki mavsumni Koreya chempionatida o'tkazdi. Seul safida to'p tepgan futbolchi vaqtincha ishsiz maqomida yuribdi. Janubiy Koreyadagi davrda Angliya milliy jamoasi sobiq futbolchisi 67 o'yinda 19 ta gol urdi, lekin kutilmaganda dekabr oyida tomonlar hamkorlikni to'xtatishga qaror qilishdi. Lingard xizmatlariga qiziqayotgan aniq klublar haqida ma'lumot yo'q, lekin uning Osiyodagi yomon bo'lmagan statistikasidan kelib chiqsa, Jessi hali faoliyatini Yevropada davom ettirib ko'rishga urinadi.

Futbolchining APLdagi oxirgi jamoasi Nottingem Forest edi. U qizil iblislar safidan kyetib, erkin agent sifatida yangi jamoasiga o'tgan edi. 2022/2023-yilgi mavsumda Jessi APLning bor yo'g'i 17 o'yinida maydonga tushdi. Natijada, yangi qitani zabt etish safariga otlandi.


Serxio Ramos

Realning afsonaviy himoyachisi maydon tashqarisida ham ancha faol. U qadrdon klubi Sevilyani sotib olish bo'yicha ishlarni amalga oshiryapti. Shunday bo'lsa-da, bu 39 yoshli himoyachi faoliyatini yakunladi degani emas. Bazi ma'lumotlarga ko'ra, Serxio bo'lajak mundialda ham o'ynashni niyat qilgan.

Meksikaning Monterrey klubi bilan shartnomasi yakunlangan Ramos Yevropaga qaytishni niyat qilgan. Marca nashrining xabariga ko'ra, ispaniyalik Sevilya safida tekinga o'ynashga tayyor bo'lgan. Biroq La Liga reglamentiga muvofiq bir vaqtning o'zida unda ishtirok etish va klublardan birining akcioneri bo'lish taqiqlanadi. 

Ramosda Marsel varianti borligi haqida mish-mishlar tarqalgandi. Ammo Goal nashri xabariga ko'ra, himoyachi transferini jamoaning endilikda sobiq ustozi Roberto De Zerbi unchalik ham istamagan.


Divok Origi

Faoliyati davomida bir qator g'alaba gollarini urgan hujumchi endigina 30 yoshda, lekin anchadan buyon u haqda ma'lumotlar uchramay qo'ygandek. Liverpul chempionga aylangan Chempionlar Ligasi-2018/19 mavsumi finalida Tottenxem darvozasiga urilgan ikkinchi golga ham aynan Divok mualliflik qilgan. Yana ko'pchilik uni o'sha tarixiy kambekda urgan goli, burchakdan uzatma va jarima maydonchasida e'tiborsiz qoldirilgan Origi to'pni darvozaga to'g'rilab yuborib, stadionni portlatgani bilan eslab qolgan. O'ziga xos karera va gollar...

Origi hech qachon mersisaydliklar asosiy forvardi bo'lmagan, ammo zaxiradan maydonga tushib, muhim gollarni urgan. Shunga qaramay, 2022 yilda uning faoliyatida yangi sahifa ochildi – Milanga transfer. Lekin Italiyadagi bir mavsumda u bor yo'g'i 2 ta gol urdi; Nottingem Forestga ijara ham forvardni uyqonishiga sabab bo'la olmadi. 2023/2024-yilgi mavsumda APLda 6 o'yin va 0 ta gol.

2024/25-yilgi mavsum oldidan Origi D Seriya vakili bo'lgan Milan o'rinbosarlarida ro'yxatdan o'tkazildi, lekin u erda ham o'ynamadi va individual dastur bo'yicha shug'ullanib yurdi. Natijada, o'tgan yil dekabr oyida rossoneri yomon bo'lmagan maosh olayotgan Divok bilan shartnomani muddatidan oldin to'xtatishga qaror qilishdi. Bir yarim yilni amalda maydondan tashqarida o'tkazib yuborgan belgiyalikning keyingi makoni qaer bo'lishi hozircha noma'lum. Kim biladi deysiz, balki yaqin kelajakda uni Rossiya chempionati, AQSH yoki arab mamlakatlaridan birida ko'rarmiz. 


Aaron Remci

Agarda Garet Beyl bo'lmaganida Giggzdan keyingi avlodning shubhasiz eng yorqin yulduzi bo'ladigan Aaron Remsi ham Ramos singari 2025 yil o'zini Meksikada sinab ko'rishga qaror qildi. O'zi tarbiya topgan Kardiffga 2023/2023 va 2024/2025-yilgi mavsumlarda qaytish Arsenal sobiq yulduzlaridan biri uchun unchalik omadli chiqmadi. Barchasiga ketma-ket jarohatlar sababchi bo'ldi, misol uchun Pumasdagi ilk davrni tizzaosti mushaklari hali to'liq tiklanib ulgurmagani sababli maydondan tashqarida o'tkazdi.

Remsi uchun yana bir og'ir zarba bu sevimli kuchuginining yo'qolishi bo'ldi: ijtimoiy tarmoqda bo'lgan voqeani yozib qoldirish ham, vada qilingan mukofot puli ham yordam bermadi

Natijada kuz fasliga kelib Aaron Pumas bilan shartnomasini bekor qildi va Buyuk Britaniyaga qaytdi. Umumiy hisobda u Meksikada 6 ta o'yin o'tkazdi. 

35 yoshli yarimhimoyachi faoliyatini yakunlagani haqida hozircha e'lon qilgani yo'q, shuningdek, unga qaysidir klub qiziqish bildirayotgani haqida ma'lumot ham uchramayapti.


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia