Evro-1996. Manchesterdagi terakt, alkash inglizlar, avariyaga uchragan Zidan, qiz tufayli buzilgan do'stlik, jarohat olgan hakam hamda chempionni aniqlagan "Oltin gol" haqida hikoya qilamiz

Оқил Абдубарноев
17 iyun 2024
Yevropa chempionati tarixiga oid qiziqarli ma'lumotlar bilan tanishtirib borishda davom etamiz.

1996 yilgi Yevropa chempionati final bosqichi 8–30 iyun kunlari Angliya yashil maydonlarida o'tkazildi. Mazkur turnirda ilk marotaba 16 jamoa ishtirok etdi. UEFAning ishtirokchilar sonini oshirish qaroriga SSSR va Yugoslaviyaning parchalanishidan so'ng tashkilotga a'zo mamlakatlar sonining ko'payishi sabab bo'ldi.


Shuningdek, mazkur musobaqadan boshlab, guruh bosqichidagi g'alaba uchun avvalgi ikki ochkolik tizimdan farqli o'laroq, 3 ochko beriladigan bo'ldi. Qolaversa, ochkolar teng bo'lgan taqdirda, avvalo, to'plar nisbati emas, balki o'zaro o'yinlardagi gollar soni hisobga olinadigan bo'ldi. Yana bir qo'shimcha, musobaqada uchta o'zgarish amalga oshirishga ruxsat berildi.

Bundan tashqari, turnirda "Oltin gol" qoidasi qo'llanildi, bunda asosiy vaqtda g'olib aniqlanmagan taqdirda, qo'shimcha bo'limlarda birinchi bo'lib gol urgan jamoaga g'alaba taqdim etilgan.

Kengaytirilgan formatdagi final bosqichida Bolgariya, Shveytsariya va Turkiya debyutini o'tkazdi. Shu bilan birga, SSSR va Yugoslovakiya parchalangach, Xorvatiya, Chexiya va Rossiya terma jamoalari ilk marotaba ko'rinish berdi.

Turnirda Adidas Questra to'plaridan foydlanildi. Mashhur kompaniya mahsuloti bo'lishiga qaramay, Xorvatiya va Daniya o'rtasidagi bahsda hakam to'rt marotaba to'pni almashtirgan.

"A" guruhida Angliya yetakchilikni qo'lga kiritdi. Inglizlar ilk o'yinda Shveytsariya bilan durang o'ynaganiga qaramay, Shotlandiya va Niderlandiyani yirik hisobda mag'lub etdi. Niderlandiya guruhda ikkinchi o'rinni egallagan bo'lsa, Shotlandiya va Shveytsariya guruhda qolib ketdi.

Turnir avvalida inglizlar mahalliy matbuotda jiddiy tanqidlarga uchradi. "Tish shifokori kursisi" deb nomlangan voqea quyidagicha edi.

Mezbon Angliya terma jamoasi Yevropa chempionatiga tayyorgarlik ko'rish maqsadida Sharqiy Osiyoga turne uyushtirdi. Inglizlar Pekinda Xitoyga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdi. Jamoa qaytish arafasida Gonkongda edi va bazadagilar ko'ngilxushlik qilishni istab qoldi. Bazm-u jamshid shu darajaga etdiki, o'yinchilar o'z futbolkalarini yirtib tashlashdi. Kimdir boshqa xonadan tish shifokori bemorlari uchun mo'ljallangan kursi topib keldi. Yigitlar birin-ketin unga o'tirdi, boshqalari "bemorni davolashdi".

Tez orada Britaniya gazetalari bu haqda yozib chiqdi: "Mana bu masxarabozlarga qarang, ular kelasi hafta start oladigan Yevropa chempionatida Angliya sharafini himoya qilishadi".

Shotlandiyaga qarshi bahsda Pol Gaskoynning golini angliyaliklar "tish shifokori kursisi" uslubida nishonlaydi. Gol muallifi erga yotadi, jamoadoshlari esa unga suv quyishadi.

Niderlandiya Angliyaga juda kuchli tarkib bilan yetib keldi. Murabbiy Xiddink jamoasining asosiy tayanchi bo'lgan "Ayaks" klubi ketma-ket ikki yil davomida Chempionlar ligasi finaliga chiqdi. Ammo Angliyada kelishmovchilikni sodir bo'lib, jamoaning turnirdan muddatidan oldin chiqib ketishiga sabab bo'ldi.

Edgar Davids o'zining qizishqon xarakteri bilan mashhur edi va har doim ham jim turishni bilmasdi. Niderlandiya terma jamoasidagi debyutidan beri u jamoaning ajralmas qismiga aylandi va "pitbul" Yevropa chempionatida Gus Xiddink uchun asosiy qurol edi.

Ammo Shotlandiyaga qarshi nursiz durangdan keyin kiyinish xonasida irqiy mojaro kelib chiqdi va janjal boshlandi. Jamoa ikki lagerga - qora va oq tanlilarga bo'lingandi. O'yinchilar hatto alohida guruh bo'lib ovqatlanishga borishdi. Kelib chiqishi surinamlik bo'lgan Edgar Davids Xiddinkni qora tanli o'yinchilarga e'tibor qaratmasdan, ularga asosiy tarkibdan joy bermaganlikda aybladi:

"Xiddink o'z boshini bazi o'yinchilarning ketiga bekitib yurishni bas qilishi kerak".

Bunday intervyudan so'ng Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyining Davidsni terma jamoadan chetlatishdan boshqa chorasi qolmadi. Terma jamoaning qora tanli futbolchilariga bu yoqmadi va jamoa yana ikkiga bo'lindi. Klarens Zeedorf o'z his-tuyg'ularini jilovlay olmadi va shveytsariyaliklarga qarshi o'yinning dastlabki daqiqalaridanoq atayin qo'pollik ishlatdi – Xiddink hatto birinchi bo'lim o'rtalarida uni o'zgartirishga majbur bo'ldi.

Natijada, "apelsinlar" shotlandlarga nisbatan urilgan gollar soni ko'proq bo'lgani evazigagina qiyinchilik bilan pley-offga yo'l olishdi va chorak finalning penaltilar seriyasiga qadar yetib borishdi. Francuzlar esa ularga shafqat qilmadi.

"B" guruhida Fransiya va Ispaniya chorak finalga yo'l oldi. Bolgariya va Ruminiya musobaqa bilan xayrlashdi. 

Yevropa chempionati boshlanishidan bir oy muqaddam Fransiya terma jamoasining hali 24 yoshni qarshi olmagan navqiron va istedodli futbolchisi Zayniddin Zidan boshqa mashina bilan to'qnashuv oqibatida avtofalokatga uchraydi va bosh qismidan jarohat olib, kasalxonaga yotqizilgan. Shunga qaramay, u "uch ranglilar" bilan qita birinchiligida ishtirok etdi.

Yevropa chempionati oldidan Ruminiya terma jamoasi futbolchilari orasida kelishmovchilik sodir bo'ldi. PSV himoyachisi George Popesku do'sti va jamoadoshi George Krayovyanuning uylanish arafasida turgan qizi bilan ishqiy munosabatga kirishadi. Natijada ikki do'st o'rtasiga sovuqchilik tushib, oqibatda alamzada Krayovyanu qita birinchiligida ishtirok etmaydi. Popesku yangi sevgilisiga uylanadi, biroq ular 2002 yilda ajrashadi.

Mazkur guruh doirasida Fransiya va Bolgariya uchrashuvining 28-daqiqasida irlandiyalik bosh hakam Dermot Gallaxer jarohat oldi va uning o'rnini angliyalik arbitr Pol Derkin egalladi.

Bolgariya futboli afsonasi Xristo Stoichkov saralash bosqichi doirasida Gruziyaga qarshi saralash bosqichining mehmondagi o'yinida yoqimsiz harakat amalga oshirdi. Jamoasi 1:2 hisobida yutqazayotgan paytda Xristo vaqtida to'pni uzatmadi deb hisoblab, to'plarni uzatib turayotgan bolboylardan birining yuziga tupurdi. Keyingi hujumda to'p maydonni tark etganida, gruzin mag'rur holatda teskari o'girildi, Stoichkov esa reklama banneri ortidan o'zi yugurgancha, to'pni olib kelishga majbur bo'ldi.

"C" guruhida Germaniya va Chexiya keyingi bosqichga chiqdi. Italiya va Rossiyaga omad kulib boqmadi.

Angliyaga jo'nab ketishdan oldin ham, Rossiya futbol ittifoqi va futbolchilar o'rtasidagi moliyaviy kelishmovchiliklar haqidagi ma'lumotlar ommaviy axborot vositalariga tarqala boshladi. Italiyaliklar bilan o'yindan bir kun oldin Kiryakov RFI vice-prezidenti Tukmanovga murojaat qilib, moliyaviy shartlar bajarilmasa, jamoa ichida g'alayon chiqishini aytdi. Bunga Romancev shunday javob qaytardi: "Agar siz shartnomalarda imzolagan shartlar bo'yicha o'ynashni xohlamasangiz, uyingizga qaytishingiz mumkin. Agar bizda 11 kishi qolsa - o'ynaymiz." Keyinroq Kiryakov jamoadan chetlashtirildi.

15 iyun kuni Germaniya va Rossiya terma jamoalari o'rtasidagi guruh bosqichi o'yini bo'lib o'tishidan bir kun ilgari Manchester shahrida terakt sodir etildi. Shahar markazidagi portlash natijasida 212 kishi jarohatlangan va taxminan 700 million funt sterlinglik zarar keltirgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari xabariga ko'ra, jangarilar to'xtab turgan mashinaga bomba o'rnatgan. Portlashdan to'rt kun o'tib, Muvaqqat Irlandiya Respublika armiyasi bayonotini e'lon qilib, javobgarlikni o'z zimmasiga oldi, ammo tinch aholiga jarohat etkazganidan afsusda ekanligini ma'lum qildi. 

Manchesterdagi portlash Yevropa chempionati davom etayotgan shaharda sodir bo'lgan birinchi va hozircha yagona yirik terakt bo'ldi. Portlash sodir bo'lgan kunning ertasiga "Old Trafford" stadioni qattiq qo'riqlanib, sinchkovlik bilan tekshirilgandan so'ng rejalashtirilgan bellashuv bo'lib o'tdi; Germaniya Rossiyani 3:0 hisobida mag'lub etgan o'yinni deyarli 50 700 muxlis tomosha qildi.

"D" guruhida Portugaliya va Xorvatiya pley-off ishtirokchisiga aylandi. Amaldagi chempion Daniya Turkiya bilan birga o'z ishtirokini yakunladi.

Turklar musobaqada birorta ochko qo'lga kirita olmadi, hatto gol ham ura olmadi. Ammo Turkiya chempionatda o'z futbolchisi uchun Fair Play sovrinini qo'lga kiritdi. Xorvatiya bilan o'yinda taxminan 50 metr masofani bosib o'tgan Goran Vlaovichni unga yaqinlashgan Alpayda raqibini yiqitish evaziga to'xtatib qolish imkoniyati bor edi, biroq himoyachi bunday ish qilmadi. Shundan so'ng Vlaovich turkiyalik darvozabon Rushtu Rejberni aldab o'tib, gol urdi.


Turkiyada Alpayning xatti-harakati qadrlanmadi va uni xoin deb atashdi, bu haqda futbolchining o'zi bir necha bor intervyularida ta'kidlab o'tgan. Bu haqda Vlaovichdan so'ralganda, "Alpayning o'rnida bo'lganimda, men ham qoida buzmagan bo'lardim, qo'pollik ishlatish faqat havaskorlarga xos", deya javob qaytardi.

Chorak finalning ikki o'yinida g'olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Ispaniya - Angliya va Fransiya - Niderlandiya uchrashuvlarida hisob ochilmadi. "Lotereya"da esa Angliya va Fransiya ustun keldi. Shuningdek, Germaniya Xorvatiyani (2:1), Chexiya esa Portugaliyani (1:0) musobaqadan chiqarib yubordi.

1/4 final

Angliya – Ispaniya 0:0 (4:2 - penaltilar bo'yicha)

Gollandiya – Fransiya 0:0 (4:5 - penaltilar bo'yicha)

Germaniya – Xorvatiya 2:1 (Klinsmann, 20, penaltidan, Zammer, 59 – Shuker, 51)

Chexiya – Portugaliya 1:0 (Poborski, 53)

Yarim finalda ham g'oliblarni aniqlash uchun 11 metrli jarima zarbalariga murojaat qilindi. Unga ko'ra, Chexiya Fransiyani (0:0, pen.6:5), Germaniya esa Angliyani (1:1, pen.6:5) mag'lubiyatga uchratdi. Qiziq tomoni, inglizlar safida yagona noaniq urinishni terma jamoaga Evro-2024'da ustozlik qilayotgan Garet Sautgeyt amalga oshirgan.

Angliya yarim finalda Germaniyaga mag'lub bo'lganidan keyin Trafalgar maydoni va uning atrofida keng ko'lamdagi tartibsizliklar sodir etildi. Shuningdek, yana bir qancha shaharlarda ko'chalar bo'ylab nosozlik namoyishlari bo'lib o'tdi. 

Policiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan avtomobillar nishonga olindi, boshqa turli mulklarga ham zarar etkazildi. Braytonda rossiyalik talabani nemis deb o'ylashib, zo'ravonlar tomonidan pichoqlandi.


1/2 final

Angliya – Germaniya 1:1 (Shirer, 3 – Kuntc, 16), 5:6 - penaltidan

Fransiya – Chexiya 0:0 (5:6 - penaltidan)

Hal qiluvchi o'yinda Chexiya va Germaniya o'zaro ro'baro' keldi. Bellashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlandi. Qo'shimcha bo'limlarda esa Oliver Birxoff tomonidan urilgan "oltin gol" nemislarga chempionlikni taqdim etdi.

Qiziq tomoni, nemislar Yevropa chempionatida yakuniy tarkibni shakllantirishda juda katta selekciya muammolariga duch kelgandi va Germaniya bosh murabbiyi Berti Fogst o'z intervyularidan birida zarurat tug'ilganda, zaxira darvozabonlari Oliver Kan va Oliver Rikni boshqa ampulada sinab ko'rishini ma'lum qildi, biroq bu amalga oshmadi.

Yevropa chempionati–1996. Final

Germaniya – Chexiya – 2:1 (0:0, 1:1, 1:0), "Oltin gol"

30 iyun, 1996 yil. London. "Uembli" stadioni. 73 611 tomoshabin.

Hakamlar: P.Payretto, D.Nikoletti, T.Manfredini (barchasi – Italiya).

Germaniya: Kyopke, Babbel, Zammer, Xelmer, Sholl (Birxoff, 59), Shtrunc, Altc (Bode, 46), Xyossler, Cige, Klinsmann (s), Kuntc.

Chexiya: Kouba, Rada, Kadlec (s), Suxoparek, Gornyak, Beybl, Nedved, Nemec, Poborski (Shmicer, 88), Kuka, Berger.

Gollar: 0:1 Berger (59 penalti), 1:1 Birxoff (73), 2:1 Birxoff (95 "oltin gol").

Ogohlantirishlar: Xelmer, Zammer, Cige, Gornyak.


Angliya terma jamoasi sharafiga yozilgan “Futbol uyga keladi” replikasi bilan yozilgan “Uch sher” musiqiy kompoziciyasi turnirning nemis g'oliblariga shunchalik yoqdiki, ular chempionlikni nishonlashda shu qo'shiqni ham ijro qilishdi, shuningdek, qo'shiq nemis xit-paradida 16-o'rinni egalladi.


Angliya terma jamoasi hujumchisi Alan Shirer 5 ta gol bilan musobaqa to'purariga aylandi. Germaniyalik futbolchi Mattias Zammer esa turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Ramziy jamoa: Andreas Kepke (Germaniya), Loran Blan (Fransiya), Marsel Desayi (Fransiya), Mattias Zammer (Germaniya), Paolo Maldini (Italiya), Pol Gaskoyn (Angliya), Karel Poborski (Chexiya), Diter Aylts (Germaniya), Alan Shirer (Angliya), Xristo Stoichkov (Bolgariya), Davor Shuker (Xorvatiya).


Rossiyaga borishdan bosh tortgan Ispaniya, yetakchilarsiz qatnashgan Fransiya hamda bashoratchi shifokori bilan g'olib bo'lgan SSSR - ilk Yevropa chempionati haqida hikoya qilamiz

Di Stefano, Pushkash kabi futbolchilarni chaqirmagan chempion hamda kumush medallar uchun ishdan haydalgan murabbiy - ikkinchi Yevropa chempionati haqida hikoya qilamiz

Tanga tashlash orqali finalchi aniqlangan hamda hal qiluvchi o'yini qayta o'tkazilgan Yevropa chempionati haqida hikoya qilamiz 

"Mersedes" "Zaporojec"ni changida qoldirib ketdi - futbol murabbiyi bo'lishdan boshqa hamma ishni qilishga rozi bank mutaxassisi g'olib bo'lgan Yevropa chempionatini yodga olamiz

"Panenka" zarbasi kashf etilgan hamda kashanda murabbiy bilan raqib libosi ostida kubok ko'targan Evro-1976 chempioni haqida hikoya qilamiz

Stadiondagi ur-to'polon, gaz ishlatgan policiya hamda Rim Papasining bashorati - janjallar girdobidagi mamlakat mezbonligida o'tgan Yevropa chempionatini yodga olamiz  

Evro-1984. Bir taymda 9 gol urgan Ispaniya, Zidanga "kalla qo'yishni" o'rgatgan francuz hamda Konfuciy hikmatini aytib, chempionlikdan so'ng bosh murabbiylikdan ketgan mezbonlar ustozi haqida hikoya qilamiz

Evro-1988. Mukofot puli tufayli boykotga uchragan Portugaliya, singan shishadan boshi yorilgan darvozabon, raqib libosini hojatxona qog'oziga qiyoslagan Kuman hamda chempionlik paradi fojiaga aylangan niderlandlar haqida hikoya qilamiz

Evro-1992. O'yin vaqti maydonda portlagan bomba, "oy"dan kelgan mamlakat, Betxoven musiqasini madhiyaga aylantirgan bayroqsiz jamoa hamda saralashdan o'ta olmay, butun mamlakat yomon ko'radigan murabbiy bilan g'olib chiqqan chempion haqida hikoya qilamiz


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia

O'xshash yangiliklar