Eron Shimoliy Koreyaga qarshi safar o'yinini boshqa mamlakatda o'tkazishni istamoqda

Omonjon To`xtamirzayev
28 iyun 2024, 16:59
Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Tojning aytishicha, jamoaning JCH-2026 saralash bosqichi doirasidagi Shimoliy Koreyaga qarshi safar o'yini neytral maydonda o'tkazilishi mumkin.

Federatsiya rahbari bunga logistik masalalarni sabab qilib ko'rsatgan. 

"Guruhdagi jamoalar masofa jihatdan bizga yaqinroq ekanligidan mamnunman. Bitta reys orqali BAA, Qatar yoki Qirg'izistonga bora olamiz. Faqat Shimoliy Koreya safari qiyinchilik tug'dirishi mumkin. Biz ularga safardagi o'yinni Malayziya yoki Xitoyda o'tkazishni taklif qilmoqchimiz, turli variantlarni ko'rib chiqyapmiz. Mamlakatlar o'rtasidagi mavjud munosabatlar tufayli bu ish amalga oshishi mumkin", dedi Mehdi Toj Shafaqna Sport nashriga bergan intervyusida.

Eslatib o'tamiz, JCH-2026 3-saralash bosqichidan o'rin olgan Shimoliy Koreya - Eron uchrashuvi 14 noyabrga rejalashtirilgan. Mazkur guruhdan O'zbekiston terma jamoasi ham o'rin olgan.


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia