Eron futboli. Masud Shojayi yana terma jamoaga qaytishi mumkin

Xayrulla Xoliqov
8 mar 2018
Sakkiz oylik chetlatishdan so'ng Eron futboli yetakchilaridan biri Masud Shojayi yana terma jamoaga qaytishi mumkin.

Ma'lumki, Gretsiyaning AEK klubida o'ynayotgan ushbu futbolchi o'tgan yil Yevropa ligasi doirasida bo'lib o'tgan bahsda Isroil klubiga qarshi maydonga tushgani uchun ma'lum muddatga terma jamoadan chetlatilgandi.

Lekin forslar bosh murabbiyi Karlush Keyrush Gretsiyaga borib uning o'yinini kuzatdi, bu esa yarim himoyachining yana terma jamoaga qaytishi mumkinligini bildiradi. AEK va "Olimpiakos" o'rtasidagi bahsni ko'rgan Keyrush feysbukdagi sahifasida shunday izoh qoldirdi: "Gap yo'q, Masud! Sen bugun zo'r o'ynading. Sen Gretsiya chempionatidagi eng zo'r futbolchilardan birisan".

Shojayining Eron termasiga qaytishini jurnalistlar bir holat bilan izohlashmoqda. Gap shundaki, Angliyaning "Nottingem Forest" klubi legioneri Ashkan Dejaga jarohat olib ikki oyga safdan chiqdi. Shvetsiyaning "Ostersunds" klubida to'p tepayotgan 24 yoshli Saman Goddos esa hozircha terma jamoaga kirishib keta olmasa kerak.

Eron terma jamoasining shu yil yozda jahon chempionatida ishtirok etishini hisobga olsak, tarkibda Shojayidek tajribali futbolchining bo'lishi barcha uchun koni foyda bo'ladi. Eron kurash federatsiyasi sportchilarning isroillik kurashchilarga qarshi gilamga chiqishiga ruxsat berdi. Shundan kelib chiqib Karlush Keyrush ham Shojayini terma jamoaga qaytarmoqchi.

Agar Shojayi terma jamoa safida jahon chempionatiga borgudek bo'lsa, u eronliklar ichida uchta mundialda qatnashgan dastlabki futbolchi bo'ladi. Ma'lumot uchun, 33 yoshli yarim himoyachi milliy jamoa safida 70tadan ko'p o'yin o'tkazgan.


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: persianfootball.com