Emeri "Aston Villa"ning tarixiy seriyasidan so'ng: "Biz chempionlikka davogar emasmiz"

Sherzod Nurmatov
23 dek 2025
"Aston Villa" bosh murabbiyi Unai Emeri Premer-liganing 17-turida "Manchester Yunayted" (2:1) ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng jamoa o'zini eng yuqori o'rinlar uchun haqiqiy davogar deb hisoblamasligini ta'kidladi.

Ispaniyalik mutaxassis klub uchun asosiy mezon jamoaning o'z imkoniyatlari va salohiyati ekanini qayd etdi.

"Hozirgi o'rnimiz jamoaning real imkoniyatlari va salohiyatini aks ettiradi. Biz "Arsenal" va "Manchester Siti" kabi raqiblar bilan ham o'ynadik va g'alabalarga erishdik, ammo ular ulkan taktik tajribaga va eng yuqori saviyadagi futbolchilarga ega klublar. Bizda ham sifat bor, lekin hozircha o'zimizni ular bilan bir qatorga qo'yish noto'g'ri bo'lar edi.

Biz o'zimizni favorit deb hisoblamaymiz. Bu erga raqobat qila olish orqali keldik. Futbolchilar har bir o'yinga to'liq e'tibor qaratgan, o'yin tamoyillariga ishonadi va barqarorlikni saqlab kelmoqda, ammo eng yuqori o'rinlar uchun kurash haqida gapirishga hali erta.

Jamoa taxminan 3 yildan beri barqaror natijalar ko'rsatib kelmoqda va muntazam ravishda evrokuboklarga yo'l olyapti. Shu bois biz uchun kamtar bo'lib qolish, ochkolarni qay tarzda qo'lga kiritayotganimizni aniq tushunish va shu yo'lda ishni davom ettirish muhim. Maqsadimiz - shu darajani ushlab turish, aqlli, raqobatbardosh, barqaror bo'lish va o'zimizga nisbatan talabchanlikni saqlash", – dedi Emeri.

Ayni paytda "Aston Villa" 36 ochko bilan APL turnir jadvalida 3-o'rinni egallab turibdi. Undan oldinda faqat "Arsenal" (39 ochko) va "Manchester Siti" (37 ochko) joylashgan.

"Emeri effekti": "Aston Villa" klub rekordini o'rnatdi


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: BBC